Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev 24 dekabr kuni amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi, deb xabar beradi O`zA.
O`zbek va qirg`iz xalqlari azaldan yaqin qo`shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimiz tarixi, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak, an`ana va urf-odatlari o`xshash.
Mustaqillik yillarida O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi an`anaviy hamkorlik yangicha mazmun kasb etdi. Keyingi paytlarda o`zaro aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegasiyalar tashrifi amalga oshirildi. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi Andijon va O`sh shaharlariga delegasiyalarning o`zaro tashrifini mamnuniyat bilan qabul qildi.
Ikki mamlakat vakillari O`zbekiston va Qirg`izistonda o`tgan saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev Hazrati Xizr majmuiga tashrif buyurib, O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi va uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur`on tilovat qilindi
24.12.2016 18:47