FIFA rasmiy saytida mamlakatlar ayollar terma jamoalarining yangi reytingi e`lon qilindi. Unga ko`ra, O`zbekiston ayollar terma jamoasi avvalgi oyda e`lon qilingan reytingdagi o`rnida qolgan. O`zbekiston hisobida hozir 1540 ochko bo`lib, jamoa 42-pog`onani band etgan.
Jahon reytingida hamon AQSh ayollar terma jamoasi etakchi. Ikkinchi o`rinni Germaniya egallab turgan bo`lsa, Fransiya kuchli uchlikni yakunlab bergan.
Osiyo Futbol Konfederasiyasiga a`zo mamlakatlar ayollar terma jamoalari reytingida O`zbekiston 9-o`rinda. Bu borada peshqadam jahon reytingining 6-o`rinini band qilgan Avstraliya bo`lib turibdi. Undan keyingi o`rinlarda Yaponiya va KXDR terma jamoalari joylashgan.
Reytingning to`liq ko`rinishi bilan FIFA rasmiy saytida tanishish mumkin.
Eslatib o`tamiz, 2017 yilning 3 – 12 aprel kunlari davomida O`zbekiston ayollar terma jamoasi 2018 yilda o`tkaziladigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi. Ushbu saralash uchun qur`a tashlash marosimi esa 2017 yilning 21 yanvar kuni Iordaniya poytaxti – Amman shahrida bo`lib o`tadi.