Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida noyob patologiya bilan tug'ilgan chaqaloq Samarqand viloyati Bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Bu haqda Samarqand viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i Suxrob Zayniev Darakchi.uz'ga ma'lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda to'rt oyoqli chaqaloq tug'ilgani haqidagi tasvirlar keng tarqalgach, holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi.
Mutaxassislar ma'lum qilishicha, chaqaloq siam egizaklariga xos noyob patologiya bilan tug'ilgan. Homilaning ikkinchi qismi to'liq shakllanmay qolgan bo'lib, chala rivojlangan embriyonda faqat tananing pastki qismi shakllangan.
Samarqand viloyati Bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokorining davolash ishlari bo'yicha o'rinbosari, jarroh Dilshod Rahmonovning aytishicha, chaqaloq 28 aprel kuni Sherobod tumanida dunyoga kelgan va 29 aprel kuni Samarqandga olib kelingan.
Qayd etilishicha, chaqaloqning ikki qo'shimcha oyog'i va ortiqcha jinsiy a'zosi bo'lgan. Shuningdek, unda orqa chiqaruv teshigi umuman shakllanmagani aniqlangan.
Shifokorlar dastlab chaqaloqning hayotini saqlab qolish maqsadida uning ichagini qorin qismi orqali tashqi tomonga chiqarishgan. 13 may kuni o'tkazilgan ikkinchi jarrohlik amaliyoti davomida ortiqcha oyoqlar olib tashlangan.
Ayni paytda chaqaloqda ikkita siydik pufagi saqlanib qolgan. Shuningdek, ikki buyrakdan har biri alohida kanal orqali siydik pufagiga ulangani ma'lum qilindi.
Shifokorlar kelgusida ortiqcha siydik pufagi va jinsiy a'zoni olib tashlash, shuningdek, sun'iy orqa chiqaruv teshigi shakllantirish bo'yicha qo'shimcha jarrohlik amaliyotlari o'tkazilishini bildirgan.
Mutaxassislarga ko'ra, bunday og'ir patologiya bilan tug'ilgan chaqaloqlarning yashab ketishi juda qiyin hisoblanadi. Shunga qaramasdan, shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgan.
Ma'lum bo'lishicha, chaqaloqning onasi homiladorlikning 26 va 36 haftaligida skrining tekshiruvlaridan o'tgan. Biroq tekshiruvlar davomida homiladagi nuqson aniqlanmagan.
Sherobod tumani ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasi boshlig'i Sherzod Eshqobilov skrining tekshiruvini o'tkazgan tibbiyot xodimi tekshiruv jarayonida e'tiborsizlikka yo'l qo'yganini tan olgan.
Hozirda chaqaloqning ahvoli qoniqarli bo'lib, u shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.






