Toshkent shahri jamoat transporti tizimida yo‘lovchilar uchun yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda Hukumatning shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab validatorlar bilan jihozlangan avtobuslarga chiqqan har bir yo‘lovchi safarini elektron tarzda tasdiqlashi shart bo‘ladi. Bu transport kartasi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz to‘lov vositalari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy yoki transport kartasi orqali imtiyozli va bepul qatnov huquqiga ega fuqarolar ham validator orqali o‘z maqomini tasdiqlashi lozim.
Hukumat qarorida shahar jamoat transportini modernizatsiya qilish choralari ham nazarda tutilgan. Xususan, haydovchi bilan birga kamida 60 nafar yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ega hamda «Yevro-5» va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan avtobus, elektrobus va trolleybuslarni import qilish uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda.
Belgilanishicha, 2027 yil 31 dekabrgacha mazkur turdagi transport vositalari mamlakatga olib kirilganda ular uchun utilizatsiya yig‘imiga nol stavka qo‘llaniladi. Bu esa shahar avtobus parklarini yangilash jarayonini jadallashtirishi kutilmoqda.
Qaror bilan shahar avtobus yo‘nalishlari tushunchasiga ham o‘zgartirish kiritildi. Endi shahar chekkasidan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejalariga muvofiq 12 kilometrgacha chiquvchi yo‘nalishlar ham shahar avtobus yo‘nalishlari sifatida e’tirof etiladi.
Bundan tashqari, Transport vazirligiga 2026 yil 1 sentyabrgacha jamoat transporti va shahar atrofi elektropoyezdlari uchun integratsiyalashgan to‘lov tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Mazkur tizim doirasida "elektropoyezd – avtobus" va "elektropoyezd – metro" kabi yagona tarif rejalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.






