Yaponiyaning Utsunomiya shahrida ilk bor qora ayiq paydo bo‘lgani sababli shahardagi 94 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan bir metr uzunlikdagi ayiq dastlab shanba kuni park yaqinida ko‘rilgan. Keyinchalik kuzatuv kameralarida uning shahar markazida yugurib yurgani qayd etilgan. So‘nggi marta dushanba kuni hayvon sanoat hududida paydo bo‘lgani ma’lum qilindi.
Mahalliy hokimiyat aholini uyda qolishga, eshik va derazalarni yopiq saqlashga hamda ayiqni ko‘rsa unga yaqinlashmaslikka chaqirdi. Politsiya va ovchilar guruhi hayvonni qidirishni davom ettirmoqda.






