O'zbekistonning tog'oldi va tog'li hududlarida 9–12 iyun kunlari sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O'zgidromet xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, kutilayotgan yomg'irlar sababli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg'ona va Andijon viloyatlarining ayrim tumanlarida sel kelishi xavfi saqlanib qolmoqda.
Xususan, tog'oldi va tog'li hududlarda suv oqimlari keskin ko'payishi, soy va daryolarda suv sathi ko'tarilishi mumkin.
Shu munosabat bilan tog'li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko'rish so'raldi.
O'zgidromet, shuningdek, respublika bo'yicha ayrim hududlarda kuchli yomg'irlar oqibatida yomg'ir suvlari to'planishi va hududlarni qisman suv bosishi ehtimoli mavjudligini ma'lum qildi.






