Ma'lum qilinishicha, tornado 6 iyul kuni kechqurun Xuanshi, Xuangang, Ejou va Syaning shaharlarini qamrab olgan. Tabiiy ofat vaqtida shamol tezligi soatiga 149 kilometrga etgan. Kuchli shamol avtomobillarni ag'darib yuborgan, binolar tomlarini uchirib ketgan hamda infratuzilmaga jiddiy zarar etkazgan.
Xubey meteorologiya boshqarmasi mutaxassisi Van Xiaolinning ta'kidlashicha, mazkur hududda tornado juda kam kuzatiladi. Viloyatda bunday hodisa so'nggi marta 2021 yil may oyida qayd etilgan.
Xitoy davlat televideniesi e'lon qilgan kadrlarda kuchli shamol oqibatida vayron bo'lgan avtomobillar va binolar aks etgan. Xitoy Raisi Si Tszinpin qutqaruv xizmatlariga suv toshqinlari va ko'chkilardan jabrlangan aholiga yordam ko'rsatishni tezlashtirish bo'yicha topshiriq bergan.
Shu bilan birga, Milliy meteorologiya markazi Xubey viloyatining shimoli-sharqiy qismi, shuningdek, Guanxi, Guandun, Xaynan, Shandun, Liaoning va Jilin hududlarida yaqin kunlarda kuchli yomg'irlar davom etishi haqida ogohlantirdi.
Bundan tashqari, Tinch okeanida kuchayib borayotgan "Bavi" tayfuni Tayvan tomon siljimoqda. Sinoptiklar uning 10 iyuldan boshlab orolga ta'sir ko'rsatishini, ayrim hududlarda esa bir metrdan ortiq yog'ingarchilik kuzatilishi mumkinligini ma'lum qildi.
Tayvan hukumati ehtimoliy tabiiy ofatga tayyorgarlik ko'rish maqsadida qariyb 29 ming nafar harbiy xizmatchini shay holatga keltirgan. Mutaxassislar prognoziga ko'ra, "Bavi" Tayvan yaqiniga etib kelganida biroz kuchsizlanishi mumkin, ammo baribir kuchli tayfun sifatida xavf saqlanib qoladi.






