AsosiyJAMIYAT

Musulmonlar Jahon Ligasi bosh kotibi: “O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug‘ sahifalardan biridir”

Bosh kotib, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tarixiy va diniy merosni asrash hamda uni kelajak avlodlarga etkazish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni ham alohida e’tirof etdi.

'Musulmonlar Jahon Ligasi bosh kotibi: “O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug‘ sahifalardan biridir”'ning rasmi

Bugun, 7 iyul kuni Toshkent shahrida o'tayotgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida Musulmonlar Jahon Ligasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim al-Issa O'zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o'rnini yuksak baholab, mamlakatni "islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug' sahifalardan biri" deb atadi.

Forum tinchlik, bag'rikenglik va ilm-ma'rifat g'oyalarini targ'ib qilish maqsadida tashkil etilgan bo'lib, unda 40 dan ortiq davlatdan qariyb 300 nafar xorijiy olim, siyosatchi, madaniyat va din arboblari ishtirok etmoqda.

Muhammad bin Abdulkarim al-Issa o'z nutqida O'zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi markazlaridan biri ekanini ta'kidlab, Samarqand va Buxoroning jahon ilm-fani va ma'naviyati rivojida tutgan o'rniga alohida to'xtaldi.

Uning qayd etishicha, Samarqand Buyuk ipak yo'lining durdonasi hamda islom me'morchiligi taraqqiyotining muhim markazlaridan biri bo'lgan. Buxoro esa asrlar davomida islom olamining eng nufuzli ilm maskanlaridan biri sifatida tanilgan va buyuk muhaddis Imom Buxoriy nomi bilan chambarchas bog'liq.

"Biz yaxshi bilamiz va bundan mamnunmizki, O'zbekiston xaritadagi oddiy davlat emas. U islom sivilizatsiyasi kitobiga yozilgan eng yorug' sahifalardan biridir", dedi Muhammad bin Abdulkarim al-Issa.

Uning so'zlariga ko'ra, islom sivilizatsiyasi faqat tarixiy yodgorliklar yoki me'moriy obidalar bilan emas, balki ilm-fan, qonunchilik, yuksak axloqiy qadriyatlar va ma'rifatparvarlik an'analari bilan ham insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan.

Shuningdek, Muhammad bin Abdulkarim al-Issa O'zbekistonda islomiy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash, uni tiklash va dunyoga tanitish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. U Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini islom olami uchun muhim ilmiy-ma'rifiy maskanlar sifatida e'tirof etdi.

    Boshqa yangiliklar