Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy AQSh va Isroilni "tajovuzkorlar" deb atab, Tehron ulardan yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilishini ma'lum qildi. U bu haqda "Fars" nashriga bergan intervyusida aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron hech qachon hujum qilgan tomonlarni javobsiz qoldirmaydi va kompensatsiya masalasini oxirigacha olib boradi. Shuningdek, u Hormuz bo‘g‘ozi boshqaruvi "yangi bosqich"ga o‘tishini ta'kidlab, bu masala AQSh bilan muzokaralarda asosiy talablardan biri ekanini qayd etdi.
Xomanaiy Eron urush boshlamaganini urg‘ular ekan, mamlakat o‘z "qonuniy huquqlari"dan voz kechmasligini bildirdi. U, shuningdek, Eron xalqini "jang maydonidagi shartsiz g‘olib" deb atadi va Fors ko‘rfazi davlatlarini "to‘g‘ri qaror qabul qilishga" chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulhga erishilganini ma'lum qilgan edi. Ma'lumotlarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar 10 aprel kuni Islomobadda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.






