O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim tashkilotlari soni 2025/2026 o'quv yili boshida 215 tani tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo'mitasi ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur ko'rsatkich mustaqillikning ilk yillariga nisbatan 4,1 baravarga oshgan. Xususan, 1991 yilda mamlakatda atigi 52 ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat yuritgan bo'lsa, bugunga kelib ularning soni 215 taga etgan. Hisob-kitoblarga filiallar ham kiritilgan.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, oliy ta'lim tashkilotlari soni 1991 yildagi 52 tadan 2015 yilga kelib 69 taga etgan. Keyingi yillarda esa sohada jadal o'sish kuzatilib, 2020 yilda 127 ta, 2021 yilda 154 ta, 2022 yilda 191 taga chiqqan.
2023 yilda mamlakatdagi oliy ta'lim tashkilotlari soni 219 taga, 2024 yilda esa 222 taga etgan. Biroq 2025 yil holatiga ko'ra mazkur ko'rsatkich 215 tani tashkil etgan.
Ma'lumot uchun, so'nggi yillarda O'zbekistonda yangi oliygohlar tashkil etish va xorijiy universitetlar filiallarini ochish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada oliy ta'lim qamrovi va muassasalar soni sezilarli darajada oshdi.






