Afg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga hamda beva xotinlarga uy-joy kommunal xizmat to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmonida belgilangan.
Farmoniga ko‘ra, ayrim prezident hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Shuningdek, Afg‘onistondagi harbiy harakatlar davomida farzandlari (eri yoki xotini) halok bo‘lgan ota-onalar va beva xotinlarga kommunal to‘lovlarning bir qismini qoplash uchun kompensatsiya pul to‘lovi joriy etildi.
Afg‘oniston urushi va O‘zbekiston
1979–1989 yillarda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston urushida sobiq Ittifoq tarkibida O‘zbekiston ham bevosita ishtirok etgan. 1979 yil 25 dekabrda Sovet qo‘shinlari "baynalmilal burchni bajariş" shiori ostida Afg‘oniston hududiga kiritilgan. Asosiy maqsad mintaqada sobiq Ittifoqqa xayrixoh bo‘lgan tuzumni saqlab qolish va geosiyosiy ta’sir doirasini kengaytirish bo‘lgan. Ushbu harbiy harakatlar 9 yil 2 oy davom etgan.
O‘zbekiston, xususan Termiz shahri urushning asosiy logistik markazlaridan biri hisoblangan. Amudaryo ustiga qurilgan "Do‘stlik" ko‘prigi orqali harbiy texnika va shaxsiy tarkib Afg‘onistonga kiritilgan hamda 1989 yil 15 fevralda shu yerdan olib chiqilgan.
O‘zbekiston hududida yaradorlarni davolash va qo‘shinlarni tayyorlash uchun asosiy bazalar joylashgan.
Urush yillarida O‘zbekistondan 64 500 nafardan ortiq yigitlar jang maydonlariga yuborilgan. Jangovar harakatlar davomida 1 500 dan ortiq o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, 2 500 ga yaqini esa turli darajadagi jarohatlar bilan yoki nogiron holida qaytgan.
Urushdan qaytgan harbiylar "baynalmilalchi jangchilar" maqomini olgan. Afg‘oniston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, urush davomida jami 2 millionga yaqin inson qurbon bo‘lgan.






