O‘zbekistonda yangi qurilayotgan uy-joylarda energiya tejamkor materiallardan keng foydalanish bo‘yicha yangi talablar joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari aholi o‘rtasida energiya tejamkor qurilish materiallarining afzalliklari haqida xabardorlik hali ham yetarli emasligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, agar uylarning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplanib, energiya tejamkor oynalar o‘rnatilsa, energiya sarfi 30 foizgacha qisqarishi mumkin.
Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishtirokida qurilayotgan 4 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi misol sifatida keltirildi. Loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar qo‘llanilayotgani, bu esa qurilish tannarxini kamida 20 foizga arzonlashtirishi va uylarni isitish-sovitish xarajatlarini 30 foizga kamaytirishi qayd etildi.
Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasini o‘rganishni topshirdi. Shuningdek, joriy yil “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shahardagi ko‘p qavatli uylar qurilishi mazkur yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.






