Niderlandiyada 12 yoshga to'lmagan og'ir xastalikka chalingan bolaga nisbatan ilk bor evtanaziya amalga oshirildi. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur holat 2023 yilda evtanaziya to'g'risidagi qonunga kiritilgan o'zgarishlardan keyin qayd etilgan birinchi holat hisoblanadi. Niderlandiya Sog'liqni saqlash vaziri Sofi Xermansning bildirishicha, muolaja o'tgan yilning oxirida o'tkazilgan.
Holat yuzasidan maxsus komissiya tekshiruv o'tkazib, evtanaziyani amalga oshirgan shifokor bilan suhbatlashgan va o'z xulosasini nazorat organiga taqdim etgan.
Vazir bolaning aniq yoshi, tashxisi va evtanaziya qachon o'tkazilgani haqida ma'lumot ochiqlamagan.
Niderlandiya evtanaziyani tibbiy amaliyot sifatida qonuniylashtirgan dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi. Mamlakatda bu amaliyot 2002 yildan buyon qonun doirasida qo'llanib kelinmoqda.
2023 yil aprel oyida esa mamlakat hukumati evtanaziya bo'yicha yosh cheklovlarini yumshatgan. Yangi tartibga ko'ra, og'ir va davolab bo'lmaydigan kasallikka chalingan voyaga etmagan bemorlarga nisbatan qaror shifokorlar va ota-onalar ishtirokida qabul qilinadi.
Qonunchilikka muvofiq, evtanaziya faqat bemorning ahvolini palliativ yordam orqali yengillashtirish imkoni bo'lmagan, u kuchli azob chekayotgan va kasalligi davosiz deb topilgan holatlarda qo'llanilishi mumkin. Shuningdek, qaror qabul qilish jarayonida bolaning fikri ham inobatga olinadi.
Keyinchalik maxsus komissiya shifokorning harakatlari amaldagi tibbiy standartlar va etik talablarga mos kelgan-kelmaganini baholaydi. Komissiya tarkibiga shifokorlar, huquqshunos va etika sohasi mutaxassislari kiradi.






