Venesuelada yuz bergan zilziladan so‘ng osmonning qizil tusga kirishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar bu holatni navbatdagi tabiiy ofatlar bilan bog‘lashga uringan bo‘lsa-da, mutaxassislar hodisaga ilmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, noodatiy manzara yangi geologik jarayonlar emas, balki atmosferadagi chang va mayda qattiq zarrachalar tufayli yuzaga kelgan.
Bu zarrachalar quyosh nurlarini sochib yuborishi natijasida osmon qizg‘ish rangda ko‘ringan.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hodisa ilm-fanda "Reley sochilishi" deb ataladi. U havoda zarrachalar konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan paytlarda, ayniqsa, zilzila kuchli shamol yoki changli havo bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganda yana ham yorqin namoyon bo‘ladi.
Qayd etilishicha, bunday manzaralar ko‘pincha yangi zilzilalar yoki boshqa favqulodda hodisalarning darakchisi sifatida talqin qilinadi. Biroq olimlar bunday qarashlarni ilmiy jihatdan tasdiqlamaydi. Ularning ta’kidlashicha, bu atmosferaning havodagi qattiq zarrachalarga nisbatan kuzatiladigan tabiiy optik reaksiyasidir.
Shu bilan birga, telekanal "zilzila chiroqlari" deb ataluvchi yana bir kam uchraydigan tabiiy fenomen haqida ham eslatdi. Mutaxassislar tushuntirishicha, bunday yorug‘lik chaqnashlari yer qobig‘ida kvarts tarkibli tog‘ jinslari parchalani, bir-biriga ishqalanishi natijasida elekt zaryadlari hosil bo‘lishi bilan bog‘liq.
Ana shu jarayon ba’zi holatlarda osmonda qisqa muddatli yorug‘lik chaqnashlarini yuzaga keltirishi mumkin.






