O'zbekistonda yosh guruhlari kesimida eng katta ulushni 0–4 yoshli bolalar tashkil etmoqda. Bu haqda Statistika qo'mitasi tomonidan e'lon qilingan aholini ro'yxatga olishning dastlabki natijalarida ma'lum qilindi.
2026 yil 15 yanvar holatiga ko'ra, mamlakat aholisi 39 million 47 ming 321 nafarga yetgan. Shundan 19,76 million nafari erkaklar, 19,3 million nafari ayollardir.
Hisobotga ko'ra, 0–4 yoshlilar soni 4,6 million nafarni tashkil etib, barcha yosh toifalari orasida eng yuqori ko'rsatkichni qayd etgan. Keyingi o'rinlarda 5–9 yoshlilar — 3,85 million nafar, 10–14 yoshlilar esa 3,4 million nafar bilan joylashgan.
Shuningdek, 15–19 yoshlilar soni 3,15 million nafardan, 20–24 yoshlilar esa 2,66 million nafardan oshgan. 25–29 yosh toifasida 2,65 million, 30–34 yosh toifasida esa 3,17 million nafar aholi istiqomat qilishi qayd etilgan.
Hududlar kesimida eng ko'p aholi Samarqand viloyatida yashaydi. Ro'yxatga olish natijalariga ko'ra, viloyat aholisi 4,4 million nafarni tashkil etgan. Eng kam aholi esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan bo'lib, u yerda 954,3 ming kishi istiqomat qiladi.
Avvalroq Statistika qo'mitasi O'zbekiston aholisining 34,9 million nafari, ya'ni 89,4 foizi o'zbek millatiga mansub ekanini ma'lum qilgan edi.






