Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridan biridagi kadastr bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarodan 2 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, mansabdor shaxs 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 132 kvadrat metr er maydonida qurilgan binoga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ushbu bino fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning 2024 yildagi hal qiluv qaroriga asosan majburan buzilishi belgilangan.
Xabar qilinishicha, u mazkur masalada ijobiy hal etish evaziga pul talab qilgan va pora olayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda tegishli idoralarga murojaat qilishni so‘ramoqda.






