AsosiyJAMIYAT

O'qishni ko'chirish uchun o'tish ballari rasman tasdiqlandi

Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

'O'qishni ko'chirish uchun o'tish ballari rasman tasdiqlandi'ning rasmi

2026/2027 o'quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlaridan O'zbekiston davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishni ko'chirish bo'yicha maxsus sinovlarning o'tish ballari tasdiqlandi. 

Vazirning tegishli buyrug'i bilan ta'lim yo'nalishlari kesimidagi minimal o'tish ballari tasdiqlangan. Unga ko'ra, eng yuqori talab huquq yo'nalishiga qo'yilgan bo'lib, mazkur yo'nalishga o'qishni ko'chirish uchun abiturientlar kamida 165 ball to'plashi lozim.

Qolgan ta'lim yo'nalishlari bo'yicha o'tish ballari quyidagicha belgilangan:

Siyosatshunoslik — 140 ball;

Xalqaro munosabatlar — 140 ball;

Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar — 140 ball;

Sog'liqni saqlash — 132 ball;

San'at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika, biznes va boshqaruv — 105 ball;

Transport xizmatlari — 104 ball;

Ta'lim, gumanitar fanlar, tillar, atrof-muhit, matematika va statistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ijtimoiy ta'minot — 94 ball;

Biologik fanlar, fizika va xizmat ko'rsatish — 80 ball;

Muhandislik, ishlab chiqarish va arxitektura — 75 ball;

Qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligi hamda mehnat muhofazasi — 70 ball;

Veterinariya — 60 ball.

Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, ayrim ta'lim yo'nalishlari bo'yicha o'tish ballari o'tgan o'quv yiliga nisbatan oshirilgan. Jumladan, san'at yo'nalishida minimal talab 93 balldan 105 ballga, sog'liqni saqlash yo'nalishida esa 129 balldan 132 ballga ko'tarilgan.

Shu bilan birga, huquq yo'nalishi bo'yicha minimal o'tish bali o'zgarishsiz qolib, 165 ball etib belgilangan.

Vazirlik, shuningdek, xorijiy davlatlardagi oliy ta'lim muassasalaridan O'zbekiston davlat oliygohlarining mos yoki turdosh bo'lmagan bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga o'qishni ko'chirishga ruxsat berilmasligini yana bir bor eslatdi.

    Boshqa yangiliklar