Ma'lum qilinishicha, 55 yoshli sudyaning jasadi tungi soat taxminan 01:00 atrofida bino yaqinidagi gulzor hududidan aniqlangan. Uning yonidan o‘z joniga qasd qilish haqida yozilgan maktub ham topilgan. Hozircha rasmiylar aniq xulosa chiqarmagan, biroq politsiya voqeani o‘z joniga qasd qilish ehtimoli asosiy versiyalardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
U Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimiga oid korruptsiya ishining apellyatsiya jarayonida sud hay’atiga raislik qilgan.
Dastlabki sud qaroriga ko‘ra, Kim Keon-hee ga aksiyalar narxini manipulyatsiya qilish hamda diniy tashkilotdan qimmatbaho sovg‘alar qabul qilish ayblovlari bilan 20 oylik qamoq jazosi tayinlangan edi. Keyinchalik apellyatsiya sudi qaroriga binoan, sudya Shin Jong-o ishtirokida uning jazosi yanada og‘irlashtirilib, 4 yil qamoq jazosiga o‘zgartirilgan.
E’tiborga molik jihati shundaki, sudya jasadi yonidan topilgan maktub mazmunida mazkur sud ishi haqida hech qanday ma’lumot keltirilmagan. Bu esa voqeaga oid qo‘shimcha savollarni yuzaga keltirmoqda.
Ayni paytda politsiya turli ehtimollarni tekshirmoqda. Jumladan, sudyaning shaxsiy va kasbiy bosimlar ostida bo‘lgan-bo‘lmagani ham o‘rganilmoqda. Voqea Koreya jamoatchiligida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.






