Ma'lum qilinishicha, bemor bir necha oy avval Sharqiy Yevropaga sayohat qilgan bo'lib, virusni o'sha yerda yuqtirib olgan bo'lishi mumkin. Unda kasallik alomatlari paydo bo'lgach, tibbiy yordamga murojaat qilingan.
Dastlab antitanachalar bo'yicha o'tkazilgan tahlil hantavirus belgilari borligini ko'rsatgan. Keyinchalik PZR-testi orqali tashxis rasman tasdiqlangan.
Shifokorlar bemorning ahvolini barqaror deb baholamoqda. U intensiv terapiya yoki qat'iy izolyatsiyaga muhtoj emas. Bemorning shaxsi va u davolanayotgan shifoxona nomi oshkor qilinmagan.
Qayd etilishicha, aniqlangan virus shtammi Atlantika okeanidagi MV Hondius kruiz kemasida tarqalgan shtammdan farq qiladi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, mazkur kema bortida hantavirus tufayli Niderlandiyalik er-xotin va Germaniya fuqarosi vafot etgan, yana kamida sakkiz kishi kasallangan.
Bortida 150 ga yaqin odam bo'lgan MV Hondius kemasi Ispaniyaga yo'l olgan va 10 may kuni Tenerife oroliga etib borishi kerak. Hozircha kemada virus alomatlari kuzatilgan yo'lovchilar yo'qligi aytilmoqda.
Reuters agentligi xabariga ko'ra, bir qator davlatlar kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida kema Kabo-Verde qirg'oqlariga etib kelishidan avval uni tark etgan yo'lovchilarni kuzatmoqda. Virus tarqalishi haqidagi xabarlar paydo bo'lishidan oldin 40 ga yaqin odam Santa-Elena portida kemadan tushgan. Ularning aksariyatining qayerdaligi hozircha noma'lumligicha qolmoqda.
Hantavirus — odamga asosan kemiruvchilar orqali yuqadigan viruslar guruhi hisoblanadi. Virus hayvonlarning ajralmalari orqali yuqishi mumkin bo'lib, o'pka va buyrak faoliyatiga jiddiy zarar etkazishi ehtimoli bor.
Kasallik odatda isitma, bosh va mushak og'riqlari, ko'ngil aynishi hamda charchoq kabi alomatlar bilan kechadi. Mutaxassislar hantavirus gumoni bo'lganda dastlabki simptomlardan 72 soat o'tgach, takroriy tahlil topshirishni tavsiya qilmoqda. Hozircha virusga qarshi maxsus davo vositasi mavjud emas, bemorlarga asosan qo'llab-quvvatlovchi terapiya qo'llanadi.






