Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi.
Mazkur bitim 2025 yil 15 noyabr kuni Toshkent shahrida imzolangan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi suv resurslaridan adolatli va samarali foydalanish, shuningdek, davlatlararo ahamiyatga ega suv inshootlarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Hujjat doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida transchegaraviy suv ob’ektlarini boshqarish bo‘yicha hukumatlararo komissiya tashkil etiladi. Komissiya umumiy suv resurslaridan foydalanish, gidrotexnika inshootlarini ekspluatatsiya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash masalalarini muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, tomonlar suv sohasida axborot almashish, hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olgan.
Mutaxassislar ushbu kelishuv Sirdaryo havzasidagi suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tanqisligi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish va mintaqadagi suv hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryo havzasidagi transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanadi. Ushbu suvlar qishloq xo‘jaligi, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, energetika va ekologik barqarorlik uchun muhim ahamiyatga ega.






