Belarusga mavsumiy mehnat faoliyati uchun borgan andijonliklarning bir qismi va’da qilingan ish haqi to‘lanmayotganidan norozi ekani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan Migratsiya agentligi izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyatidan 250 nafardan ortiq fuqaro qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida ishlash uchun Belarusga jo‘natilgan.
Videomurojaatlarda ayrim mehnat migrantlari ish beruvchilar tomonidan ularga 500 AQSh dollari miqdorida oylik taklif qilinganini bildirgan. Ularning aytishicha, yashash va kundalik xarajatlar chiqarib tashlanganda, qoladigan mablag‘ kutilgan daromadni ta’minlamaydi. Shu bois ayrimlari O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan.
Migratsiya agentligi matbuot xizmati rahbari Gulruh To‘laevning ma’lum qilishicha, hozirda agentlikning Belarisdagi vakillari hamda Andijon viloyati hokimligi mas’ullari ish beruvchilar va mehnat migrantlari o‘rtasidagi vaziyatni o‘rganmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ish beruvchi mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarni bajarmasa yoki kelishilgan ish haqini to‘lashdan bosh tortsa, fuqarolar boshqa ish joylariga o‘tkaziladi. Qayd etilishicha, muammoni qisqa muddatda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha Andijon viloyati hokimligi, Migratsiya agentligi hamda Belarusning Vitebsk viloyati Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida mehnat migrantlariga o‘rtacha 900–1000 AQSh dollari miqdorida oylik, eng yuqori holatda esa 1200 AQSh dollarigacha ish haqi to‘lanishi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8–9 iyul kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga davlat tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida fuqarolarni tashkiliy asosda vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb etish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.






