Toshkent shahrida amalga oshirilgan "Kelajak uchun xorijiy til" loyihasi doirasida 10 ming 106 nafar 11-sinf o'quvchisi ingliz tili bo'yicha B1 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatni qo'lga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha 2025 yil dekabr oyidan boshlab poytaxtdagi barcha umumta'lim maktablarida yo'lga qo'yilgan. Loyiha doirasida 2025–2026 o'quv yilida qariyb 40 ming nafar 11-sinf o'quvchisining xorijiy til bo'yicha bilim va ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan mashg'ulotlar tashkil etilgan.
Avvaliga o'quvchilarning til bilish darajasini aniqlash maqsadida sinov imtihonlari o'tkazilgan. Natijalar tahlil qilinib, o'quvchilar tayyorgarlik darajasiga qarab guruhlarga ajratilgan hamda xorijlik mutaxassislar ishtirokida bepul darslar tashkil etilgan.
Shundan so'ng, Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda o'quvchilar milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etgan. Yakunda 10 ming 106 nafar bitiruvchi ingliz tili bo'yicha B1 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo'lgan.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, 2025 yil dekabr oyida milliy yoki xalqaro til sertifikatiga ega o'quvchilar soni 2 ming 970 nafarni tashkil etgan bo'lsa, 2026 yil 1 iyul holatiga kelib bu ko'rsatkich 17 ming 515 nafarga yetgan. Bu qariyb olti barobarlik o'sishni anglatadi.
Shuningdek, 2025–2026 o'quv yili davomida respublika bo'yicha 1 ming 518 nafar xorijiy til mutaxassisi jalb etilgan. Yangi o'quv yilidan esa ularning sonini 2 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2026–2027 o'quv yili uchun oliy va kasbiy ta'lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar orasida milliy yoki xalqaro chet tili sertifikatiga ega bo'lganlar soni 125 ming 354 nafarni tashkil etgan.
Shuningdek, barcha fanlar bo'yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo'lgan qariyb 13 ming nafar abituriyent oliy ta'lim muassasalariga qabul test sinovlaridan ozod qilingan.






