Samarqand shahrida banklardan biriga bostirib kirib, xodimlarga tahdid qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Qo‘riqlash departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 13 iyul kuni Samarqand shahridagi bank filiallaridan birida sodir bo‘lgan. Qishki kiyimda, yuziga niqob taqqan va qora sumka ko‘targan shaxs bankka kirib, o‘zida portlovchi modda borligini aytgan. Shundan so‘ng u xodimlarni qo‘rqitib, bank oynalarini sindirgan va pul talab qilgan.
Tashvish xabari kelib tushgach, voqea joyiga Qo‘riqlash departamenti xodimlari yetib borgan. Ular xavfsiz masofani saqlagan holda gumondor bilan muzokara olib borgan. Suhbatlardan so‘ng shaxs ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida fuqarolar jabrlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi to‘rtinchi qismi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






