AsosiyJAMIYAT

Mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar qabuli boshlandi

PhD va DSc uchun qanday talablar qo‘yiladi?

'Mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar qabuli boshlandi'ning rasmi

15 iyuldan boshlab oliy ta'limdan keyingi ta'limning mustaqil izlanuvchilik shakliga hujjatlar qabuli boshlandi. Innovatsion rivojlanish agentligi Axborot xizmatiga ko'ra, talabgorlar PhD va DSc ilmiy darajalarini olish uchun belgilangan mezonlar asosida hujjat topshirishlari mumkin.

Mustaqil izlanuvchilik – ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy faoliyat bilan shug'ullanish hamda falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish imkonini beruvchi oliy ta'limdan keyingi ta'lim shakli hisoblanadi.

PhD ilmiy darajasiga da'vogarlar magistr diplomi ga ega bo'lishi, kamida bitta ilmiy maqola va tegishli yo'nalish bo'yicha kamida ikkita ilmiy tezis e'lon qilgan bo'lishi hamda suhbatdan muvaffaqiyatli o'tishi lozim.

DSc ilmiy darajasiga hujjat topshiruvchilar esa PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega bo'lishi, ilmiy darajani olganidan so'ng kamida uchta ilmiy maqola va tegishli yo'nalish bo'yicha kamida ikkita ilmiy tezis chop ettirgan bo'lishi, suhbatdan o'tishi hamda doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasini taqdim etishi talab etiladi.

Qabul jarayoni raqamli platformalar orqali amalga oshiriladi. Talabgorlarning ayrim hujjatlari my.gov.uz tizimi orqali avtomatik shakllantiriladi. Qolgan zarur hujjatlar esa daraja.ilmiy.uz platformasiga elektron shaklda yuklanadi.

Mutaxassislar ilmiy faoliyatni davom ettirishni rejalashtirayotgan izlanuvchilarga hujjatlarni belgilangan muddatlarda topshirish va qabul talablari bilan oldindan batafsil tanishib chiqishni tavsiya etmoqda.

    Boshqa yangiliklar