Buxoro viloyatining Kogon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uch nafar fuqaro qutqarildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 15 iyul kuni soat 03:38 da 112 yagona dispetcherlik xizmatiga Kogon shahrining Turon ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy xonadonlaridan birida yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan hodisa joyiga etib borgan. Yong‘in soat 03:46 da qurshab olingan va soat 04:40 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qutqaruvchilar yong‘in chiqqan xonadondan uch nafar fuqaroni sog‘-salomat olib chiqqan. Shuningdek, yong‘inning qo‘shni xonadonlarga tarqalish xavfi tufayli yana yetti nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida xonadonning taxminan 50 kvadrat metr qismida pol, devorlar hamda ayrim uy jihozlari yongan. Qutqaruvchilarning tezkor harakati natijasida taxminan 650 kvadrat metr maydon va qo‘shni xonadonlar yong‘indan saqlab qolingan.






