AsosiyJAMIYAT

Jaziramada ish beruvchilar bajarishi shart bo‘lgan talablar e’lon qilindi

Inspeksiya ushbu talablar tavsiyaviy xususiyatga ega emasligini, balki ish beruvchilarning qonunchilikda belgilangan majburiyati hisoblanishini ta'kidladi.

'Jaziramada ish beruvchilar bajarishi shart bo‘lgan talablar e’lon qilindi'ning rasmi

O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha ish beruvchilar bajarishi shart bo‘lgan talablar e’lon qilindi. Bu haqda Mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida xodimlarda issiq urishi, organizmning suvsizlanishi, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortadi. Shu munosabat bilan ish beruvchilar mehnat sharoitlarini mavsumiy iqlim talablariga moslashtirishi lozim.

Xususan, soat 11:00 dan 16:00 gacha ochiq havoda ishlarni qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatish, og‘ir jismoniy mehnatni cheklash tavsiya etilgan. Shuningdek, xodimlarni doimiy ravishda toza ichimlik suvi, soyali yoki salqin dam olish joylari bilan ta’minlash hamda ularga havo o‘tkazuvchi, engil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish talab etiladi.

Mehnat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, issiq sharoitda ishlashga jalb etiladigan xodimlar oldindan tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shart. Shuningdek, ularga issiq urishi alomatlari haqida tushuntirish ishlari olib borilishi, salomatligi yomonlashgan xodim esa zudlik bilan salqin joyga olib o‘tilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim.

Inspeksiya ushbu talablar tavsiyaviy xususiyatga ega emasligini, balki ish beruvchilarning qonunchilikda belgilangan majburiyati hisoblanishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar–iyun oylarida ish joylarida 447 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. Ularning 113 tasi o‘lim bilan yakunlangan bo‘lib, oqibatda 137 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.

    Boshqa yangiliklar

    Jaziramada ish beruvchilar bajarishi shart bo‘lgan talablar e’lon qilindi - Darakchi.uz