Apple bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha Nvidia’ni ortda qoldirib, yana dunyodagi eng qimmat ommaviy kompaniyaga aylandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Apple’ning bozor qiymati 4,9 trillion dollarga etgan. Aksiyalari biroz arzonlashgan Nvidia’ning kapitalizatsiyasi esa 4,8 trillion dollarni tashkil etgan.
Yil boshidan buyon Apple aksiyalari 20 foizdan ortiq qimmatlashgan. Shu davrda Nvidia aksiyalari ham o‘sgan bo‘lsa-da, ularning o‘sish sur’ati 10 foizdan kam bo‘lgan.
Reuters ta’kidlashicha, bu o‘zgarish investorlar kayfiyatidagi muhim burilishni anglatadi. Sarmoyadorlar endi faqat sun’iy intellekt sohasidagi qisqa muddatli o‘sishga emas, balki barqaror daromad va mustahkam biznes modeliga ega texnologik kompaniyalarga ham katta qiziqish bildirmoqda.
BRI Wealth Management investitsiyalar bo‘limi rahbari Toni Medousning fikricha, Apple sun’iy intellekt poygasida raqobatchilarga nisbatan kamroq sarmoya kiritayotgan bo‘lsa-da, uning kuchli ekotizimi, pullik servislari va qurilmalarni muntazam yangilab borishi kompaniyaning moliyaviy barqarorligini ta’minlamoqda. Shu bois investorlar Apple aksiyalarini uzoq muddatli va ishonchli investitsiya sifatida baholamoqda.
Apple 2018 yilda bozor qiymati 1 trillion dollardan oshgan ilk ommaviy kompaniya sifatida tarixga kirgan edi. 2024 yilda bu ko‘rsatkich bo‘yicha Nvidia yetakchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, hozir Apple yana global reytingda birinchi o‘ringa qaytdi.






