AsosiyBU QIZIQ

Yaponiyada 2028 yildan insonlarga cho'chqa buyragini ko'chirib o'tkazish sinovlari boshlanadi

Mazkur loyiha Meydzi universiteti negizida tashkil etilgan PorMedTec biotexnologik startapi tomonidan amalga oshirilmoqda.

'Yaponiyada 2028 yildan insonlarga cho'chqa buyragini ko'chirib o'tkazish sinovlari boshlanadi'ning rasmi

Yaponiyada genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqalardan olingan buyraklarni insonlarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha klinik sinovlar 2028 yildan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda The Japan Times xabar berdi.

Mazkur loyiha Meydzi universiteti negizida tashkil etilgan PorMedTec biotexnologik startapi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya AQShning eGenesis biotexnologik firmasi tomonidan yaratilgan genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqalardan foydalanmoqda.

Rejaga ko‘ra, cho‘chqalardan olingan buyraklar Sapporo shahridagi Xokkaydo universiteti shifoxonasi hamda Kanagava prefekturasida joylashgan Shonan Kamakura umumiy shifoxonasida bemorlarga ko‘chirib o‘tkaziladi.

Mutaxassislar hayvondan insonga organ ko‘chirib o‘tkazish texnologiyasini transplantatsiya uchun donor organlar yetishmovchiligini kamaytirishning istiqbolli usullaridan biri sifatida baholamoqda.

Ma’lum qilinishicha, eGenesis tomonidan yetishtirilgan cho‘chqalarning genlariga 69 ta o‘zgartish kiritilgan. Bu orqali inson immun tizimining ko‘chirib o‘tkazilgan organni rad etish xavfini kamaytirish, shuningdek, hayvon viruslarining insonga yuqish ehtimolini pasaytirish maqsad qilingan.

AQShda hozirga qadar ushbu texnologiya asosida to‘rtta klinik sinov o‘tkazilgan. Ayrim bemorlar operatsiyadan so‘ng bir necha oy davomida dializ muolajasiga ehtiyoj sezmagan.

Yaponiyada hozirda 300 mingdan ortiq kishi buyrak yetishmovchiligi sababli dializ muolajasini olmoqda. Shuningdek, qariyb 15 ming nafar bemor buyrak transplantatsiyasini kutmoqda.

PorMedTec rahbari, Meydzi universiteti professori Xiroshi Nagashima turlararo transplantatsiya kelajakda samarali tibbiy texnologiyaga aylanishi uchun tadqiqotlar davom ettirilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq PorMedTec 2027 yilga borib insonlarga organ ko‘chirib o‘tkazish maqsadida klonlangan cho‘chqalarni yetishtirish uchun maxsus ferma tashkil etishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi. Klonlangan cho‘chqalar — tabiiy ko‘payish yo‘li bilan emas, balki laboratoriya sharoitida genetik jihatdan bir xil nusxa sifatida yaratilgan hayvonlardir.

    Boshqa yangiliklar