2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda ajrimlar soni oshdi. Shu davrda mamlakat bo‘yicha 24,8 mingta nikoh rasman bekor qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 1,5 mingtaga ko‘p.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida 92,3 mingta nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 mingtaga kam ko‘rsatkichdir.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, olti oy davomida har kuni o‘rtacha 510 dan ortiq nikoh qayd etilgan. Shu bilan birga, kuniga o‘rtacha 137 ta oila ajrashgan.
2025 yilning birinchi yarim yilligida esa mamlakatda 95,3 mingta nikoh tuzilgan va 23,3 mingta ajrim rasman qayd etilgan edi. Demak, bir yil ichida nikohlar soni kamaygan, ajrimlar esa oshgan.
Rasmiy statistikada ajrimlarning aniq sabablari keltirilmagan. Biroq mutaxassislar bu holatni oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, yoshlarning oilaviy hayotga tayyorgarligi, o‘zaro kelishmovchiliklar va boshqa omillar bilan izohlab keladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda jami 267,1 mingta nikoh va 46,9 mingta ajrim rasman qayd etilgan.






