AsosiyDUNYO

43 nafar talabaning bedarak yo‘qolishi ishi

Meksikaning sobiq gubernatori qo‘lga olindi.

'43 nafar talabaning bedarak yo‘qolishi ishi'ning rasmi

Meksikaning Gerero shtati sobiq gubernatori Anxel Agirre 2014 yilda bedarak yo‘qolgan 43 nafar talabaga oid ish bo‘yicha dalillarni yo‘q qilishni buyurganlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Bosh prokurori Ernestina Godoy ma’lum qildi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, sobiq gubernator odil sudlovga to‘sqinlik qilish hamda majburiy yo‘qolish jinoyatlarida gumon qilinmoqda. Agirre esa avvalroq o‘ziga nisbatan bildirilgan ayblovlarni rad etgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Ayotsinapa qishloq o‘qituvchilar kollejining 43 nafar talabasi 2014 yilda Mexikodagi namoyishga yo‘l olgan vaqtda uyushgan jinoiy guruh a’zolari va politsiya xodimlari ishtirokida o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgan. Hozirgacha ulardan atigi uch nafarining jasadi rasman aniqlangan, qolganlarining taqdiri esa hamon noma’lum.

Bosh prokurorning aytishicha, yangi guvohlar ko‘rsatmalari Agirre talabalarning yo‘qolishiga oid muhim dalillarni yo‘q qilish bo‘yicha yuqori lavozimli amaldorlar bilan yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Mustaqil xalqaro ekspertlar ham yangi dalillar davlat vakillarining ushbu jinoyatdagi ehtimoliy ishtiroki haqidagi avvalgi xulosalarni yanada mustahkamlashini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, agar videokuzatuv tasvirlari o‘z vaqtida saqlanganida, talabalar taqdirini aniqlash imkoniyati yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi.

Qayd etilishicha, mazkur voqea Meksika tarixida inson huquqlari bilan bog‘liq eng og‘ir va bahsli ishlarning biri hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar

    43 nafar talabaning bedarak yo‘qolishi ishi - Darakchi.uz