AsosiyDunyo
6082

Vetnamlik vrachlar bemorning qornidan 18 yil avval unutib qoldirilgan qaychini olishdi

Vetnamlik vrachlar bemor erkakning qornidan bundan 18 yil muqaddam hamkasblari tomonidan unutilgan qaychini olishdi, deb xabar berdi “Tjournal.ru” nashri. 

Vetnamlik 54 yoshli bemor, Ma Van Nyat (Ma Văn Nhật) mahalliy telekanalga intervyu berdi. Uning aytishicha, avtohalokatga uchragandan keyin kasalxonaga tushgan, rentgen natijasida vrachlar uning qorin sohasida, ichaklarning yonida metall jism borligini aniqlashgan.

Ma Van Nyatning so`zlariga qaraganda, 15-santimetrli qaychini 1998 yilda boshqa kasalxonada yotganda, operasiya vaqtida vrachlar unutib qoldirgan. Bemor 18 yil mobaynida qorin qismida hech qanday noqulaylikni his qilmagan. Ammo so`nggi paytlarda qorni sanchib qo`ygan, og`riqsizlantiruvchi dorilar ichib yurgan.

Operasiya uch soat davom etdi. 18 yildan beri qorinda turgan qaychi zanglab, ichki a`zolarga yopishib qolgan. Vetnam sog`likni saqlash vazirligi 1998 yilda Ma Van Nyatni operasiya qilgan klinikadan mazkur fakt bo`yicha hisobot berishni talab qildi. Klinika direktori barcha imkoniyatlarni ishga solib, voqeaga oydinlik kiritishga va`da berdi. Ammo shu bilan birga barcha tibbiy ma`lumotlar 15 yil saqlanishini, bemorning qornida qaychini aynan kim qoldirganini aniqlash mushkulligini ham ma`lum qildi.

Boshqa yangiliklar