1

Ogohlik. Zulmat ichida so`lgan gullar...

Mutolaa 04.01.2017, 16:22
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Ogohlik. Zulmat ichida so`lgan gullar...

Hayot deganlari turfa voqea-hodisalar bilan qiziq. Uni cheklab bo`lmas shamollar oqimiga o`xshatsa bo`ladi. Shamol ham turlicha esarkan, goh toza va mayin, yoqimli, goho chang-to`zon aralash, ko`ngilni behuzur qiladigan...Bu shamollarni jilovlashning afsuski iloji yo`q... Biroq, shamolga qiyoslangan voqealar “nishabi”ni uyoq-buyoqqa bursa bo`ladi! Chunki, voqealar odam izmiga bo`ysunadi. Uni qay tarafga burib davom ettirish o`zingizga bog`liq. 

Taqdirning ayovsiz shamollari goho odamni xazon kabi uchirib ketishi hech gap emaskan. Bir gal men ham shunday to`zon ichra qolib ketayozdim...

Oilada ikki qiz edik. Opam bilan oramiz atigi ikki yosh bo`lganligi bois tengdoshdek o`sardik. Bir-birimizdan sir yashirmasdik.

Balki o`g`il bola bo`lganimizda otamiz biz bilan boshqacha muomala qilarmidi... Nazdimda, qiz bo`lganimizga norozidek yurardi. Negadir juda kam suhbatlashamiz.... 

Onamiz bo`lsa otamizning ko`ziga qarab turardi. Uning ko`zlarida tez-tez yosh ko`rib qolardik. Bunday payt volidamizdan ko`proq ezilishimizni so`z bilan ifoda eta olmayman.

Ota-onaning murosasi kelishmasa farzandlarga jabr bo`larkan. Onamiz nima gapligini sira aytmasdi. Bunga otamizning ba`zi qilmishlari sababchi ekanini tushunish qiyinmasdi. Oilamizda shunday sovuq shamollarning adog`i ko`rinmas, bu qalbimizni ayovsiz nimtalayverardi...

Oila tirikchiligi asosan onamizning mehnatlari hisobiga edi. U erta-yu kech bozorda somsa sotardi. Tong qorong`usidan xamir qorirdi. Biz qo`ldan kelgancha qarashardik. Katta savatni to`ldirish oson emasdi. Holdan toygan onamizning supra boshida uxlab qolganini ko`rib, yuragimiz ezilardi... 

Otam esa mahallama-mahalla yurib odamlarning pichoq va shunga o`xshash tig`li buyumlarini o`tkirlardi. Qolgan paytda bitta xonaga qamalib olib qandaydir kitoblardan bosh ko`tarmay o`tirardilar. 

O`sha davrda onamning boshidan negadir qora hijob tushmasdi. Buning ma`nisini tushunmasak-da, mahallamizdagi ayollar ro`molini boshqacha, o`zbek ayollariga xos,  chiroylikkina o`raganlarini ko`rib, ularga havas qilardik.

Bir kuni onam savdogar qo`shnimiz Zarnigor opadan ko`k gulli ro`mol olib chiqib, boshlariga o`rab olganlarida ochilib ketgan! Biz ham ich-ichimizdan suyunib ketdik. Afsuski, quvonchimiz uzoqqa cho`zilmadi. Otam negadir onamni jerkib tashladi. Bu ham etmagandek ertasi kuni onamning yuzlarini ko`kargan holda ko`rdik... Keyinchalik o`sha ro`molni qaytib ko`rmadik... Undan ham mudhishrog`i o`sha kundan bizning ham boshimizga hijob tushdi. 

Yorug` olamni qora hijob ichra ko`rishdan mudhishrog`i bo`lmas ekan. Uyda go`yo motamsaro ruh hukmron... Qandaydir qora quyun nafasimizni beayov bo`g`ayotganga o`xshardi... 

Qo`ni-qo`shni, dugonalarimiz mazza qilib ko`radigan televizorning yaqiniga ham yo`lamasdik. Radioning ham simlari uzib tashlangandi.... 

Maktabga borish biz uchun bayram edi. Biroz bo`lsa-da ko`nglimiz yozilib kelardi. Ustozlarimizning hayotbaxsh so`zlari, turli fanlar sir-sinoati har qanday kishini ajib hayotga oshno etardi. Sinfdoshlar bilan she`rxonlik qilish qanchalik zavqli va totli edi. 

Maktabda tinglaganlarimizdan yashagimiz kelsa, otamizdan eshitadigan gaplardan rosmana bo`g`ilardik... 

Biz uchun eng uqubatli, ruhiy azob beradigan hol shu ediki, hamma bizga ajablanib qarardi. Ba`zi ziyolinamo kishilarning: “Nechuk bu shirin qizaloqlar dunyoga qora parda ortidan qarasharkin?” degan savollari murg`ak qalbimizga nayzadek qadalardi. 

Maktabda ham o`qituvchimiz, direktorimiz bu haqda biz bilan ko`p bora suhbatlashganlar. Otamiz bilan uchrashmoqchi bo`lishgan. Lekin biz buning oxiri yaxshilik bilan tugamasligini, otamiz eshitishni ham istamasligini bilarik.

Eng katta hadigimiz – maktabdan bebahra qolish edi... Shu vajdan biz har safar bunday hollardan goh ko`zyosh qilib, goh boshqa yo`llar bilan chiqib ketishga harakat qilardik. Tengdosh dugonalarimiz kinolarga, teatrlarga, bog`-rog`larga borishlarini ko`rib havas qilardik. Ular bayramlarda sahnalarga ham chiqardilar. Biz-chi... 

Maktabdagi qizlarning ko`zidagi quvonch, ochiq chehralar nahotki shunchalar yomonlik alomati bo`lsa, deb o`zimizga ko`p bor savol berardik. O`shanda ko`nglimizda bir alamli savol paydo bo`lardi. “Nega biz o`g`il bola bo`lib tug`ilmagan ekanmiz-a?”. Balki o`shanda murg`ak qalbimiz bu tikonli azoblardan omon qolarmidi?...

Kunlardan bir kun otam tungi nonushta payti jiddiy ohangda shunday dedi: 

- Ikki kundan keyin olis safarga otlanamiz. Chala qolgan ishlaring bo`lsa bitirib olishga ulguringlar.

“Uqdilaringmi”, degan savool nazari bilan qarab turgan otamizga hech kim biron narsa deya olmadi. Hammamizning xayolimizdan o`nlab savollar o`tdi. Ammo biz opa-singil mum tishlab turardik.  Onamiz ham bu kutilmagan gapdan esankirab qolayozdi. 

-Yana qanday safar? - deb yubordi bexosdan. 

Essiz... shu bir og`iz so`zga onamning butun badani momataloq bo`ldi. Tuni bilan “bo`ldi-bo`ldi boshqa qaytarmayman, kechiring, xudo haqqi boshqa urmang, hozir o`lib qolaman”deb yig`laganini eshitib, ezilib yotdik... 

Goho eshik ortida unsiz yig`lab turarkanmiz, volidamizga biror yordam berish qo`limizdan kelmasdi... 

Ertasi kuni bilishimizcha, qayoqqadir hijratga borar emishmiz. Bu gapdan etimiz uvishib ketdi. Noxush gaplar qulog`iga etib borgach, onamizning qarindoshlari uyga kelishdi. Ularning gaplari, pand-nasihatlari otamizga kor qilarmidi?.. 

O`zini-o`zi tubanlik botqog`iga botirgan odamni uncha-muncha kishi to`g`ri yo`lga sola olmasa kerak... Katta tog`am katta joylarda ishlagan, oq-u qorani yaxshi biladi. Pand-nasihati otamga kor qilmagach, tog`am onam va bizni olib ketadigan bo`ldi. Ostonadan chiqar chog`imiz otam baland ovozda onamga qaratib:

- Voz kechdim sendek xotindan. Bugundan oramiz ochiq... - deb baqirdi. O`sha paytlarda yosh bo`lganligimiz uchun otam so`zining oxirida nima deganligini tushunolmay qoldik. Onamiz ko`zlariga yosh olib bizni bag`rilariga bosganicha indamay chiqib ketdilar. Faqat mungli tovushda shivirlab,  “qayda bo`lsangiz ham omon bo`ling” deganlarini eshitdim. Shu-shu otamizni qaytib ko`rmadik... 

Oradan yillar o`tdi. Ulg`aydik. Kamolga etdik. Bugun opa-singil ikkimiz ham tibbiyot sohasi xodimasi bo`lib ishlaymiz. Insonlarni juda yaxshi ko`ramiz, qadrlaymiz. Axir dono xalqimiz – qadrlasang qadr topasan, deb bejiz aytmaydi.

Otamdan biron darak bo`lmadi. 

Kim bilsin, qaerlarda, nimalar qilib yurgan ekan? Yuragining bir parchasi, biz farzandlarini eslarmikan? Bir bor ham kulib qaramagan ko`zlarimizni quvonchga to`lishini xohlamasmikan? Bizga ertaklar aytgisi kelmasmikan? 

Tushlarimda gohida otamni ko`raman. Ko`pincha kora libosda yuradi. Olamon ichida ko`zlari so`qir holda tayoq suyanib yiqilib qoladi. Katta qora itlar  orqasidan quvib tinmay ta`qib qiladi. Otam ularni qo`lidagi tayog`i bilan urmoqchi bo`ladi-yu, ko`zi ojizligidan tayoq itlarga  tegmaydi. So`yloq tishli irillagan itlar uni oyoq-qo`lini tilka-pora qilgudek g`ajishga tushadi. U bor ovozda baqirsa-da, lekin hech kim unga parvo qilmaydi. Shunda onam qaerdandir paydo bo`lib, uni qattiq quchoqlab oladi, himoya qiladi...

Og`zim qurib, cho`chib uyg`onaman. Tongacha bedor yotaman...

Ahyon-ahyonda ularni eslab xayolga tolaman, bolaligimni eslayman va bugungi tinch, baxtli kunlarimga shukrona aytaman. 

Tilagim har bir inson o`z farzandlariga otalik mehrini beraolsin...

Dil bitiklarimga “Zulmat ichra so`lgan gullar...” deb sarlavha qo`ydim. Yaxshiyam, hayotda oq-u qorani tanigan tog`am, bizga baxtli hayot yo`llarini ko`rsatgan muallimlarimiz bor ekan. Haqiqatan ham hayot yo`limizni topib ketdik. Hozirda opamning ikki farzandi, mening esa qizalog`im bor. Bir paytlar zulmat ichra so`ngan gullar, bugun qaytadan chiroy ochmoqda. Hayotda faqatgina otamizning yuztuban ketgani va bizlarni tirik etim qilgani uchungina o`ksinamiz... 

“Nigora”

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1