AsosiyJamiyat

Rossiyada farzandi olib qo`yilgan o`zbekistonlik ayolga bolani qaytarishdi

O`zbekistonning Moskvadagi elchixonasi o`zbekistonlik fuqaro, farzandini polisiya olib qo`ygan Nilufar Mamasaidovaning shaxsini tasdiqladi, deb yozadi “Radiovesti.ru” nashri.

Moskva shahrining Kunsevo tuman IIB tomonidan dekabr oyida o`zbekistonlik Nilufar Mamasaidovaning bir yoshlik qizi olib qo`yilganligi haqida xabar bergandik. Asli andijonlik bo`lgan ayol ikki yildan beri Rossiya Federasiyasi hududida bo`lib, qizini ham Rossiyada dunyoga keltirgan. Qizi tug`ilgandan so`ng uning turmush o`rtog`i mamlakat hududidan deportasiya qilingan, Nilufar esa qizi bilan Rossiya Federasiyasida qolgan. 

Ayni damda polisiyachilar bolani elchixona xodimlariga onasiga etkazish uchun topshirishgan, bu haqda o`zining Facebook sahifasida yurist Bahrom Ismailov xabar berdi.

Dekabr oyining oxirlarida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo`qotgan ayol IIBga ariza bilan murojaat etgan. Polisiya xodimlari Nilufar Mamasaidovaning uyiga kelib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo`qligi uchun uni vaqtincha saqlash hibsxonasiga uch kunga qamagan va qizini olib qo`ygan. 

Mazkur hodisa o`tgan haftada keng ommaga ma`lum bo`ldi. Vaziyatni RF bolalar huquqi bo`yicha vakil Anna Kuznesova quyidagicha sharhladi va qizni onadan olib qo`yilishni keskin chora deb atadi hamda bolani onaga qaytarishni va`da qildi.

Zaruriy hujjatlarni prokurorlar va O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan yig`ildi. Faqatgina bola dunyoga kelgan tug`ruqxonadan ma`lumotnoma etmadi. Uni faqat dushanba kuni olishga muvaffaq bo`lishdi.

Dushanba kechqurun Mamasaidova qizini yana bag`riga oldi. Kunsevo sudi O`zbekiston fuqarosini deportasiya qilish masalasini ko`rishi kerak edi, sababi uni ro`yxatda turishi bir yil oldin tugagan. Ammo materiallar dalillarning etarli emasligi sabab polisiyaga qaytarildi.

Mamasaidovani deportasiya qilish ishi bo`yicha majlis seshanba kuni, ya`ni bugun bo`lib o`tadi, deb yozadi “Exo Moskvi”.

    Boshqa yangiliklar