Isajon SULTON
Bu voqea uzoq yillar avval, Xitoy imperatorlarining Tan sulolasi zamonida, ya`ni bundan bir ming uch yuz yil oldin ro`y bergan.
Bu – hayot shafqatsizligi hamda mehribon ota haqidagi huzunli bir hikoyadir.
Ronzyan deb atalmish qishloqda bir odam yashar edi. U qotma, ozg`in kishi bo`lib, juda qashshoq hayot kechirardi. Fan-Fyong degan boyning bepoyon dalalarida suv kechib sholi etishtirar, kiygani etigi bo`lmagani uchun doimo oyoqyalang yurar, qish oylarida esa bir bo`lak terini oyog`iga o`rab, ustidan arqon boylab olardi.
Bu odam o`ziga o`xshagan bir chorakorning farzandiga uylangan, hozir bir qizi bor edi.
Qizaloq hali kichkina, mas`um, uyda har doim ham egulik topilavermasa-da, turmushning zahmatlaridan bexabar, otasi kelganida qarshisiga yugurib chiqib kutib olar, kunduzgi taassurotlaridan bijir-bijir so`ylab ham berardi. Xyong deb ataladigan butaning katta yaprog`iga guruch solib er edilar, chunki ularning idish-tovog`i ham yo`q edi.
Qizcha juda shirin edi. Qiyiq ko`zchalaridan o`t chaqnar, qayda bir gul-chechak ko`rib qolsa, mitti barmoqchalari bilan uzib kelib, otasiga yo onasiga tutadigan ajoyib ma`suma edi.
Ota ham qizini juda yaxshi ko`rardi. Goho boyning bepoyon sholipoyalarida ishlayotganida yoki kechalari uyqusi o`chib ketganida, kun kelib katta bo`lganida qizimni qanday baxtli qilsam ekan, degan o`y sira tinchlik bermasdi.
Bor-yo`g`i bittagina qizi bor, axir. Xuan-Shining o`zi esini tanibdiki, mehnatdan boshi chiqmaydi. Bir nima orttirish u yoqda tursin, topgani kun kechirishga etadi, xolos. Ota agar ish shunday ketaversa, vaqt-soati kelib o`zi kabi qashshoq birortasining o`g`liga xotin bo`lishini hamda shu ajoyib qizaloq ham umrining oxirigacha sholipoyalarda mehnat bilan umrini o`tkazishini sira istamasdi.
Buni o`nglashni bittagina yo`li bor, deb o`ylardi ota. Uyam bo`lsa sholichi boyga xotinlikka berish. Sholichi boy nihoyatda badavlat, xotinlari ko`p, ammo puli undan ham ko`p. O`shanga bersam, turmush zahmatlari charchatmaydi, menga o`xshab beli bukilib zahmat chekmaydi, qaytanga, ipak kiyimlarga o`ranib, bola-chaqasini katta qilib o`tiradi.
Sholichi boy semiz, ko`zlarini yog` bosib ketgan kishi bo`lib, gavdasini ko`tarolmagani uchun uni aravaga solib yurishar, ba`zan taxtiravonga solib ham kelishardi.
Xuan-Shi undan-bundan yuqori tabaqa kishilariga qanaqa qizlar yoqishini surishtirdi.
Aytishlariga qaraganda, ingichka gavdali, oyoqlari juda kichkina qizlar ma`qul emish. Qizi esa onasiga tortdi, ya`ni suyagi yirik bo`lib o`smoqda. Xuan-Shi o`ylay-o`ylay, o`sha mahallar urf bo`lgan deb eshitganini qilishga ahd qildi, ya`ni yog`ochdan kichkina kavush yasadi-da, qizchasining oyog`iga kiydirib qo`ydi.
— Otajon, bu narsa oyog`imni qisayapti, og`riyapti, — deb zorlandi qizcha. So`ng erga o`tirib, mitti barmoqchalari ila kavushni chiqarishga urina boshladi.
— Hoy qizcha, — dedi Xuan-shi boltani ko`rsatib. — Agar echadigan bo`lsang, oyog`ingni mana shu bolta bilan chopib tashlayman!
Qizchasi qo`rqdi. Og`riq sezilib turgan qop-qora ko`zchalarida hurkish ifodasi paydo bo`ldi.
— Xo`p-xo`p, ota, echmayman, — dedi shosha-pisha, itoat bilan.
Xuan-Shining yuragi achishsa-da, bolamni kelajagini o`ylab shunday qilayapman-ku, degan o`y taskin berar edi. Bugun u juda charchadi. Oyoqlarini sholipoya suvchayonlari, zuluklari chaqib tashlagan, bilaklari achishar, tani orom istar edi. Bola hayot nimaligini qaydan bilsin? Hali vaqti kelganida, shu qashshoqlik girdobidan chiqargani uchun otasidan minnatdor bo`ladi, albatta. O`ziga qo`yib bersang, ota yashab o`tgan qattiq kunlar uning ham boshiga kelsinmi? Bolasining joni hozircha og`risa og`risin, bu uqubat ortida qizchaning baxtli kelajagi turibdi, axir.
Bunday o`ylar ko`p edi. Xuan-Shi shularni o`ylab yotdi. Qishloq changi havoda turib qolgan, shabada esmas, u chang asta-sekin ekinlar, daraxtlar uzra qo`nmoqda edi.
Kunlar o`tar, qizaloq qo`rqqanidan yog`och kavushni kechalari ham echmasdi. Gohida oyog`i juda og`riganida suvga solib o`tiradigan odat chiqaribdi. Xuan-Shi avvaliga uni koyimoqchi bo`ldi, keyin o`ylab qarasa, bu ishning foydali tomoni ham bor ekan. Chunki yog`och suvda yumshab, og`riq ozaygani, qizaloqning joni orom olgani bilan, oradan bir oz vaqt o`tgach, yana quriydi, quruqshagani sayin yanada qattiqroq siqadi.
Xuan-Shining hayotida o`zgarish ro`y bermas edi. Har kun bir vaqtda turib nonushtasini qilib, ortganini qopchig`iga solib dalasiga yo`l oladi. Ish nihoyatda zahmatli: suv bostirilgan oxiri ko`rinmas dalalarda ingichka maysa bo`lib o`sgan sholini qoldirib, begona o`tlarni birma-bir yulib chiqish kerak. Kuz kelganida sholi o`riladi, dastalab quritishga qo`yiladi, shunda qorovullik ham qilish kerak. Bu ishda kuchuklar ko`mak berishadi, qushu hayvonlarni hurkitib vovillab yurishadi. Keyin oqlash mavsumi keladi, qoplarga solingan sholilarni aravalarga yuklab, qaygadir olib ketishadi. Shundan keyin dala huvillab qoladi, unga yana suv qo`yiladi, ag`darib chiqiladi, shu bilan mavsum nihoyasiga etadi. Bir-ikki qop guruch Xuan-Shiga ham tegadi, shunda emish mo`l bo`lib qoladi.
Yillar o`tdi. Qizning avvalgi bolalarcha musaffoligi yo`qoldi, u otasidan o`zini olib qochadigan bo`ldi.
Nihoyat, qiz o`n uchga to`lib-to`lmas, Xuan-Shi muddaosini Sholiboyga bildirishga qaror qildi.
Boy dalaga kelavermas edi. Xuan-Shi ancha vaqt fursat poylab yurdi. Nihoyat bir kuni Sholiboy kelarmish, degan gap tarqaldi. Yo`llar, chaylalar supurib-sidirildi, u muhtaram zotga atab bir shiypon qurildi. Nihoyat, ulkan gavdasi taxtiravonda yalpayib Sholiboy keldi.
Sariq ipak kiyimlari hilpirar, semiz barmoqlariga katta-katta uzuklar taqib olgan, oyog`idagi yiltiroq shippagining o`zi bir qishloqning xirojiga teng ekan.
Chorakorlarning bari engashib ta`zim qilib turardilar. Sholiboy bir amallab taxtidan tushib, alpang-talpang qadam tashlab ular oldidan o`ta boshladi.
Xuan-Shi hayajonda edi.
Mana, fursat etdi. Agar hozir jur`atsizlik qilsa, shuncha yildan beri o`ylab yurgan niyati amalga oshmay qoladi. Boyning kayfiyati yomon emas shekilli, balki jahli chiqmas, bechoraga muruvvat ko`rsatar?
— Janob, — dedi Xuan-Shi, tomog`i quruqshab.
Sholiboy to`xtab, u tarafga o`girildi. Shunda Xuan-Shi uning bo`yni burilmasligini, balki butun gavdasi bilan o`girilishini payqadi. Bu ulkan gavda, yo`g`on bo`yin elkaga bitib ketgani uchun burilmaydigan bo`lib qolgan ekan.
— Kim menga «Janob» dedi?
— Men, — dedi Xuan-Shi. — Shu… sizga bir sovg`am boriydi.
— Sovg`ami? — dedi Sholiboy. — Sovg`a bizga yoqadi. Qanaqa ekan?
«Yolg`iz bir qizim bor, atay oyoqchalariga kishan kiydirib o`stirganman», demoqchi bo`ldi Xuan-Shi, ammo gapirolmadi, boyning salobati uning tilini boylab qo`ygan edi.
— Shu… qizim, — deya oldi xolos.
A`yonlar Xuan-Shining niyatini darhol ilg`ashdi.
— Muni bir qizi bor, — deyishdi Sholiboyga. — Mitti, ozg`in, jonsizgina qizaloq. O`shani sizga hadya qilmoqchi.
— Mitti, kichkina ekanmi? — deb so`radi Sholiboy va qattiq kulib yubordi. Uning diqqatini shu erda uchib-qo`nib yurgan sariq chumchuq tortgan edi. — Ana u chumchuqchalik ekanmi?
Bu g`alati kulgi Xuan-Shini yanada esankiratib qo`ydi.
— Yo`q, janob, chumchuqcha emas, — dedi og`rinib. — Sizga juda mos.
— Menga juda mos ekanmi? — dedi yana boy. — Bu fikr kallangga qaydan kela qoldi?
— Siz kichkina oyoqchalarni yaxshi ko`rarmishsiz.
— Men sirayam yaxshi ko`rmayman, — dedi Boy. — Chunki ko`zim xiralashib qolgan. Men yomon ko`raman.
Yonidagilar xoxolab kulishdi. Hozir boy Tan sulolasida urf bo`lgan so`z o`yini qilmoqda edi, ammo Xuan-Shi oliy tabaqa saroylariga xos san`atni qaydan ham tushunsin?
— Sin-shu, senga xotin kerakmi? — dedi Sholiboy yonidagi qotma, tishlari to`kilib ketgan cholga qarab. — Kerak bo`lsa, ana, olaqol. Oyoqchalari ham mitti emish.
A`yonlar yana kulishdi.
— Yo`q. Menga xotin kerakmas, — dedi Sin-shu degan chol.
Shundan keyin Sholiboy yo`lida davom etdi, a`yonlar chug`ur-chug`ur qilishib ortidan ergashishdi.
— To`xtang… Axir… — demoqchi bo`ldi Xuan-Shi, ammo tili yana aylanmadi.
Xuan-Shining ruhi tushib ketdi.
Hayotida mazmun qolmaganday tuyuldi.
Endi nima qilsin?
Hozir kulbasiga borsa, kavushini taqillatib qizi chiqib keladi. Bechoraning shuncha chekkan azob-zahmatlari behuda ketdi. Endi qiziga qaysi yuz bilan «Ech shu yaramas matohni» deydi?
Bu erlardan boshimni olib ketsammikin, deb o`yladi u.
Shu fikri o`ziga ma`qul keldi.
Uzoq-uzoqlarda Tiyonshon boshidagi ko`k muzlariyu oq qorlari bilan savlat to`kib yarqirab turardi. Umr bo`yi etishib bo`lmas musaffoliklar o`sha yoqlardaday tuyulardi. Lekin qalbni og`ir yuk ezar ekan, u musaffoliklar orom bera olarmidi? Koshki biror kor-hol ro`y bersa-yu, xotiramdan ayrilib qolsam, deya orzu qildi Xuan-Shi. Ha, Tiyonshon azim, ulug`vor, balki bag`rida vahshiy hayvonlari ham bordir? «O`sha yoqqa jo`nasam-u ayiq g`ajib ketsa yaxshi bo`lardi» deb o`yladi u.
Ayiq g`ajib ketsa… qishloqdagilar uni sirayam malomat qilishmaydi. Qizi esa taqdiriga tan beradi. Onasi bilan birgalashib, yana Sholichi boy dalalarida ishlab, el qatori kun kechiraverishadi, ammo…
Shu qarorga keldi Xuan-Shi va Tiyonshon tomon ketdi.
Shundan so`ng uni birov ko`rmadi.
* * *
Ota g`oyib bo`lganidan so`ng ona-bola sholi dalalarida ishlay boshlashdi. Vaqti kelgach, beva xotin qizini o`sha atrofdagi bir kishining bolasiga uzatdi.
Yillar o`tib, farzandli bo`ldi. U tengilarning bari dalalarda birday mehnat qilar edilar. Sholiboy ham o`lib ketdi, bepoyon sholipoyalar semiz-semiz bolalariga qoldi.
Shundan so`ng davr tezlashdi, u shitob aro odamlarning qiyofalari ko`zdan g`oyib bo`ldi. Tan sulolasining hukmronlik davri ham tugab ketdi.
Yana yillar o`tgach, o`sha kichkina qizcha munkillagan kampirga aylandi.
Endi mehnatga yaramay qolgan, kulbasining oldida qiyom vaqtigacha, issiq qaytganidan keyin esa shomgacha o`tirar, atrofini o`rab olgan bolalarga har turli voqealarni aytib berardi.
Ayniqsa, yog`och kavush haqidagi xotiralarini gapirishini yaxshi ko`rardi.
— Otam benihoya rahm-shafqatli kishi edi, sizlar bilmaysizlar, — der edi. — Qizim shu tevarakning eng go`zali bo`lsin deya, o`z qo`llari bilan yog`ochdan kavush yasab bergan edi.
— O`sha mahallarda imperator saroyida kichkina oyoqchalar urf bo`lgan ekan, — der edi. — Umri zahmatda o`tgan otajonim muhtasham saroylardagi odatlarni qaydan bila qolibdi? Kizginam oliynasab dargohlarga mos bo`lib o`ssin, deganini aytmaysizmi?
Keyin bolalarni etaklab qirib, kulba to`riga avaylab qo`yilgan o`sha matohni ko`rsatardi. Kavush vaqt o`tishi bilan qoraygan, issig`u sovuqlarda chatnab yorilgan, ko`rgan kishi bu matohni odam qanday kiyib yurishi mumkin degan xayolga kelardi.
Kampirning eng ardoqli narsasi mana shu kavush bo`lib qoldi, uni eru ko`kka ishonmas, hatto, o`lib qolsam, qabrimga qo`yinglar deb vasiyat qilardi.
Butun umri mehnat bilan o`tgani uchun, eslashga arzigulik hech nimasi yo`q edi. Faqat, bolalik musaffoliklarida darak beradigan, eru ko`kka ishonmaydigan bitta ashyosi bor edi, xolos. U ham bo`lsa, mehribon ota sevimli qizalog`iga qachonlardir o`z qo`llari bilan yasab bergan kichkina, jinchiroq monand kavush.
Eski, yog`och kavush…
2015 yil
Hikoya yozuvchining «Bog`i Eram» kitobidan olindi.