1

Ikki xonandaning hayot, qo`shiq, oila va bolalar haqidagi 10 farqli qarashi

Shou-biznes 14.01.2017, 12:32
Teglar: Xonanda, Shou-biznes
Ikki xonandaning hayot, qo`shiq, oila va bolalar haqidagi 10 farqli qarashi

Lola AHMEDOVA, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, xonanda. 

Birinchi omad — prodyusserim onam ekanligi! Chunki san`atda prodessyur izlab qiynalmadim, aldanmadim. Keyin san`atkor ijodida birinchi ijro ham hal qiluvchi rol o`ynaydi. Ilk qo`shig`im — «Yolg`on so`zlab...» bilan elga tanildim. Davralarda sho`x qo`shiqlar yangrab turganida, og`ir bo`lsa ham, shu ashulamni kuylab berishimni so`rashganlaridan, viloyatlarga xizmat safarlariga borganimizda xat yozib, iltimos qilishlaridan bilganmanki, ilk qadamim omadli kechgan. 

Qulaylikmi yo go`zallik? Oxirgi paytlarda oddiylikni ma`qul ko`rayapman. Kiyinishimdan tortib hayot tarzimgacha. Bezaklar, hashamdor liboslar, turmaklardan charchaganman. Ayniqsa, ikkinchi o`g`lim tug`ilgach, vaqtimni qizg`anadigan bo`ldim. Ko`p narsaga ulgurishim, sog`ligimni asrashim kerak. Urfga mos kiyinishni yaxshi ko`raman-u, lekin tanlovga duch kelsam, qulayini tanlayman. 

Boshqalarning fikri bilan avvalari ko`p hisoblashardim. Hozir hayotga bo`lgan qarashlarim o`zgargan. To`g`ri, elning nazarida bo`lganim uchun odamlarning fikriga quloq tutishim kerak. Ammo kimgadir yoqish uchun o`zimga yoqmagan ishni qilishga majburmasman. Bora-bora har bir insonning o`z tanlovlari borligini, hamma o`zi uchun yashashi va o`zi uchun javob berishini tushunib etarkansiz. San`atkor bo`lganimizdan keyin, yaxshimizmi-yomonmizmi, muhokamaga mahkummiz. Kimlarningdir men haqimdagi salbiy fikrlaridan ta`sirlanmayman. Vijdonim va yaqinlarim oldida yuzim yorug`ligi muhimroq men uchun.

Yig`latguvchi qo`shiq. Oxirgi marta Shuhrat Daryoning jonli ijrodagi konsert dasturiga tushib yig`ladim. Hozir aniq nomini eslolmayman, muhabbat haqidagi taronalaridan biridan juda ta`sirlandim. Juda chiroyli, so`zi ham, kuyi ham yurakka etib boradigan qo`shiq edi. 

Muhim vazifa — farzandlarimni sog`-omon ulg`aytirish. Kichkinam Muhammadali hali to`qqiz oylik. Ijodiy faoliyatdan to`xtamagan bo`lsam-da, baribir, e`tiborimning katta qismi kenjatoyimga qaratilgan. Biror soatga uydan uzoqlashsam, tagi quruqmikan, qorni to`qmikan, deb o`ylayveraman. Ijodda ham sekin-sekin faollasharman. Hozir bolalarimning parvarishi muhim. Chunki ular bizning kelajagimiz. 

Tengdoshlar. Botir Qodirov, Alisher Fayzning ijodi yoqadi. Sevara Nazarxonni tinglayman. Olis safarga otlanganimda yo`lda Gulsanam Mamazoitovaning og`ir qo`shiqlarini eshitaman. Uzoq yo`lda bilinarkan, ovozning kuchi, qo`shiqning saviyasi. Hilola Hamidovaning «Muhabbat baxti» degan qo`shig`ini juda yaxshi ko`raman, mana shu qo`shiq menda bulganda edi, deya havas ham qilganmagn. «Endi meni qalbima muhabbat o`t yoqmaydi, Yuragimda bir tosh bor, erimaydi, oqmaydi». Hilolaga ham aytganman, «Shu qo`shig`ingiz juda chiroyli chiqqan», deb. Yoshlardan Ziyodaning ijodi yokadi.

Uyalish... Surxoncha ashulam bor — «Bo`z bola». Shevada kuylangan, «jo`q», «enang» degan so`zlari bor. Ilk bor kuylaganimda rosa uyalganman va kulib-kulib aytganman. Mening yo`nalishimmas-da shevada kuylash. Hosila opa, Mahmud aka aytsa, zavqlanib tinglardim. Yana qozoq tilida qo`shiq kuylashga ham tortinganman. Tilingiz kelishib ketguncha shunaqa bo`ladi o`zi.

Oila. Bir aforizm bor, baxt sukunatni yaxshi ko`radi, degan. E`tibor bersangiz, men oilam haqida hadeb gapiravermayman. Ko`z, nazar degan gaplar bor. Doimo yaxshi narsalarimni, ya`ni baxtimni asrashga harakat qilaman. 

Bolalar. Ularga avvalombor havas qilaman. Chunki ular tinch va baxtli zamonning farzandlari. Beg`ubor, beg`am davrlarini yashashayapti. Menda baxtli bolalik bo`lmagan. Qiynichilik, onamga yordam berish bilan bolaligim o`tgan. Shungami, bolalarim yaxshi sharoitda o`sishini va bilim olishini istayman. Dadasi ikkimiz doim shunga harakat qilamiz. Yaqinda Islombek uyimiz yonidagi do`kondan non olib chiqdi. Uning katta bo`lib qolganini ko`rib, xursandligimdan ko`zim yoshlandi.

Ayni paytda... Yaxshi ma`murim bo`lishini istayapman. Onamni charchatib qo`yishni xohlamayman, avaylayman, hatto kichkinamga darrov enaga yolladim volidamni qiynamay deb… Besh farzandmiz, hammamiz uchun yonib-kuyadilar. Shun kunlarda oilamizda shirin tashvishlar boshlangan, ya`ni ukamni yaqinda uylantiramiz.

Bir ayol baxtli bo`lishi uchun nimaiki kerak bo`lsa, shukr, hammami bor menda. Tinch, osoyishta yurtda yashayapmiz, shu sabab ham o`zimni judayam baxtli inson deb hisoblayman! 

Gulasal ABDULLAEVA, Nihol mukofoti sovrindori, xonanda. 

Birinchi omad — Qiz bola bo`lib dunyoga kelganim va menga ovoz berilgani. Birinchi qo`shig`im «Jafolaring» katta yoshdagilarga yoqqan-u, ammo juda ommalashmagan. «Ko`chalarga suv sepsam» ham hammaning e`tiboriga tushmadi. «Taq-tuq» esa tinglovchilarga tez yod bo`lib ketdi. So`zlari oddiy, esda qolarli bo`lgani uchun menimcha. Eng qizig`i, yosh bolalar yaxshi ko`rishadi. «Bolam muxlis shu qo`shiqqa», «Nevaramga yoqadi» deyishadi ayollar. 

Qulaylikmi yo go`zallik. Men oddiylik tarafdoriman. Ammo sahna baland poshna, juda chiroyli liboslarni talab qiladi. Shungami, ko`chaga, o`qishga kiyadigan kiyimlarimning oddiy va qulay bo`lishiga e`tibor qarataman. 

Boshqalarning fikri. San`atga endi kirib kelganimda, gap-so`zlardan juda ta`sirlanardim. Instagrammga rasm qo`ysam, har doim yaxshi gaplar yozishganiga o`rganib qolgan ekanmanmi, bir marta noma`qul izohlar qoldirishganida rosa yig`lagandim. O`shanda prodyusserim Said aka «Darrov yig`lab, ko`z yosh qilma. Kulib, yo`lingda davom etishni o`rgan», degandi. Gap-so`zlarni jim turib engishni o`rganayapman. Boshqa masalalarda atrofimdagilarning fikrini tinglayman. O`zimniki to`g`ri deb, qaysarlik qiladiganlardanmasman. Qarama-qarshi fikrlarni doim tahlil qilib, keyin bir qarorga kelaman. Qolaversa, meni nazorat qilib, himoya qiladigan yaqinlarim, ustozim bor. Ijod qilish uchun poytaxtga otlanganimda gap-so`zlarni o`ylab, onam biroz ikkilangandi. O`shanda dadam «Men senga ishonaman», deya oq fotiha bergan. Qaerga bormay, shu so`z quloqlarim ostida va men bu ishonchga xiyonat qilmayman. 

Yig`latguvchi qo`shiq. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Yulduz Turdievaning «Ona, men keldim, degin» qo`shig`ini har eshitganimda yig`layapman. Samarqandga festivalga borganimizda Yulduz opa bilan bir xonaga joylashdik. Kechqurun «Gulasal, bir qo`shiq yozdim, hali yangi, eshitib ko`rasanmi?» dedi. Tinglayapman-u, ko`z yoshlarimni to`xta olmayapman. Onam Namanganda. Men o`qish, ijod bilan bo`lib, tez-tez borolmayman. Sog`inch hissi doim ko`zlarimga yosh qalqitadi.  

Muhim vazifa. Oldimga qo`ygan maqsadlarim, bajarishim kerak bo`lgan ishlarim ko`p. Talabalik, farzandlik burchlarini ado qilishim kerak.  Ijodimni boyitishim lozim. Hozir ko`proq shunga e`tibor qaratayapman. Men ancha pishiq va mehnatkash qizman. Maktabda o`qib yurganimda, har kuni o`qishdan so`ng qo`shni qishloqqa musiqa maktabiga qatnardim. Piyoda 40 daqiqalik yo`l edi. To`rt yil davomida qishning sovug`ida ham yayov borib-kelardim. Chunki oddiygina oilaning qiziman, yo`lkiraga ortiqcha pul sarflashni istamasdim. Qarorim esa qat`iy edi: san`atkor bo`laman! 

Tengdoshlar. Men san`atda kenjatoyman-ku! Yosh jihatdan ham, tajriba tomonlama ham. Yangi chiqqanlardan Feruza opaning «Dastingdan» taronasi juda yoqdi.   

Uyalish... «Yorginamdan uyalaman» degan eski ashulani kuylaganimda obrazga kirib, qiz bolalarga xos andishani ko`rsatib berishga harakat qilaman. Chin ma`noda esa ota-onamning oldida kuylashga uyalaman. Sevgi haqidagi qo`shiqlarni ayta turib, dadamdan juda xijolat bo`laman. Ilk bor poytaxtda to`y xizmatiga chiqqanman. O`shanda ham uyalib, ham cho`chib, juda hayajonlanganman. 

Oila. Hali bu haqda aniq tassavurlarim yo`q. Onam doim «Qiz bola nimaiki niyat qilsa, erishadi. Yaxshi oilam bo`lsin, deb niyat qilgin», deydi. Men ham bunga ishonaman. Xonandaligim shaxsiy hayotimga soya solmaydi. Opalarim — Gulsanam Mamazoitova, Yulduz Turdieva, Ziyodalar bilan doim birgamiz. Ularning san`atda ham, oilada ham baxt topganlarini ko`rib, «Mana, risoladagidek oila bekasi ular, shirindan-shakar farzandlari bor», deya xotirjam tortaman.   

Bolalar. Men doim onalar va bolalarga talpinaman. Kichkintoylar jonu dilim. Prodyusserim Said akaning hovlisida yashayman. Ustozim meni qizim degan. O`qishdan yo xizmatdan qaytsam, nevaralari «Ammajon» deya chopqillab chiqib, quchoqlab olishadi. Bolajonlar bilan bekinmachoq o`ynab, dam olaman. Ertak aytishga ham ustaman. 

Ayni paytda... Zo`r qo`shig`im bo`lishini istayapman. Bir nechta yangi taronalar ustida ish boshlaganmiz, tezroq shularni kuylab, tinglovchilarga havola etishga shoshayapman. 

Shoira ShAGIAHMEDOVA

Sharhlar

Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
​SITORA ALIMJONOVA ShAXSIY HAYoTINI MUHOKAMA QILGANLARGA MINNATDORChILIK BILDIRDI

14.08.2017, 12:34

Aktrisa Sitora Alimjonova 8 avgust kuni turmushga chiqdi. Uning to`yi Tailandning Pxuket orolida bo`lib o`tdi.Sitora o`z intervyularida turmush o`rtog`ining 27 yoshda ekanligini va u tadbirkorlik...
​ FARRUH ZOKIROVDAN TANQID EShITGAN VA TOHIR SODIQOV DUET KUYLAShDAN BOSh TORTGAN UMIDAXON

11.08.2017, 16:04

"Darakchi" gazetasidagi "10 qaltis savol" loyihasining galdagi mehmoni professionalmusiqiy bilimga ega xonanda UMIDAXON... 1 — “Umr o`tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko`nglim” va “Yo`limdan qoch”, “Serial”, “Safsata”...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1