“Darakchi” gazetasi yangi yilda yangi loyihalarni taqdim etmoqda. Ulardan biri “Javob bering” loyihasi. Loyihaning ilk mehmonlari esa ekranda bir-biriga juda mos partnyor deb topilgan aktyorlar Yigitali Mamajonov va Yulduz Rajabova bo`ldi. Loyiha shartiga ko`ra ular bir-birlarining savoliga ochiq-oydin javob berishi lozim.
Yulduz Rajabovaning Yigitali Mamajonovga savollari:
— Yigitaliga atalgan savollarim ko`pligidan qaysi biridan boshlashga ham hayronman...
1. Oliy o`quv yurtida birga o`qiganimiz uchun sizni fe`l- atvoringiz, hayotga qarashlaringizni juda yaxshi bilaman. Ammo oradan ancha vaqt o`tdi. Turli vaziyatlarga duch keldingiz. Aytingchi, avvalgi Yigitali bilan hozirgisi o`rtasida nima farq bor?
2. Hamma bilan tez til topishib keta oladigan, odamshavanda insonsiz, do`stlaringiz ham ko`p. Aytingchi, ular yillar davomida saralandimi? Bugun yoningizda sodiq do`stlar qolganmi?
3. Jahlingiz juda tezligini yaxshi bilaman. Jahl chiqqanda aql ketadi degan naql bor. Asabiylashganda o`zingizni qo`lga olishni o`rgandingizmi?
4. Erkak kishining g`ururiga nima tegishi mumkin? Sizda shunday holat kuzatilganmi?
5. Yolg`onni kechirasizmi?

“JAHLIMNI JILOVLAY OLAMAN”
Yigitali Mamajonovning javoblari:
1.Fe`l atvorim deyarli o`zgarmagan. Lekin o`sha paytlarda izlagan savollarimga bugunga kelib o`z hayotiy tajribamda javob topyapman. Shuning uchun savolingizga Yigitali Mamajonovning tajribasi ortib boryapti deb javob bersam to`g`ri bo`ladi.
2.Hayotim davomida davomida hech qachon do`st tanlashga qiynalmaganman. Shuning uchun oldin ham, bugun ham haqiqiy do`stlarim yonimda va men bundan xursandman. Ularni sanab bermayman, barakasi uchadi (kuladi).
3. Jahlimni jilovlashni o`rgandim. Bu qiyin emas. Chunki quyushqondan chiqsam, oqibati yomon bo`lishini yaxshi bilaman. Jahl insonga emas, shaytonga xos ekanini unutmaslik kerak.
4.G`ururga hech kim tegolmaydi, agar bunga o`sha insonning o`zi yo`l qo`ymasa. To`g`ri, ba`zida adolatsizlik tufayli biroz ranjishimiz mumkin. Bunday paytlarda men irodamni mustahkam qilaman.
5. Hayotda kechirimli bo`lish kerak. Ammo munosabatlarga yolg`on aralashganini hech qachon unutmayman.

Yigitali Rajabovning Yulduz Rajabovaga bergan savollari:
— Aslida, Yulduzga bermoqchi bo`lgan savollarimni shaxsan o`zidan ham so`rashim mumkin. Lekin ushbu loyihada ishtirok etish o`zim uchun ham qiziq bo`ldi. Qolaversa, savollarim orqali uning yaxshi inson ekanligini boshqalarga ham “maqtanmoqchiman”.
1. Hayot juda murakkab har kuni biz — insonlar o`zimizga savol berib javobini topishga intilamiz. Lekin har doim ham topgan javoblarimizga ko`nikolmaymiz. Ana shunday paytlarda qanday yul tutasiz?
2. Ba`zi insonlar juda ishonuvchan bo`ladi, birovlar esa ayyor, kimdir esa kahri qattiq. Yana boshqalari esa hayotga real qarab xulosa chiqaradi. Ular ichida boshqalarga nisbatan ishonchini yo`qotganlari ham yo`q emas. Siz yuqorida aytib o`tilgan toifalarningga qaysi biriga kirasiz?
3. Hayotda maslahatgo`yingiz kim? Va so`nggi marta kimning maslahatiga ko`ra ish tutdingiz?
4. Qizlarning haqiqiy do`st bo`lishi juda qiyin. Ammo shunday bo`lsa ham ularning do`stlari bo`ladi. Siz o`zingizning chin dugonangiz borligiga ishonasizmi? U haqida gapirib bering.
5. So`nggi savolim — siz uchun hayotda eng muhim narsa?

“QIZLAR HAM DO`ST BO`LA OLADI”
Yulduz Rajabovaning javoblari:
1. Men shu kungacha savollarimga kitoblar, kinofilmlar orqali javob izlab topolganman. So`nggi vaqtlarda esa turli vaziyatlarga duch kelaverganimdan o`zimga o`zim “Endi nima bo`ladi?” deb savol beryapman.
2. Bilamadim, bu mening kamchiligimmi yoki yutug`im, lekin tabiatan o`zimni juda ishonuvchanman deb bilaman. Hatto hazillashib turgan insonning gapini ham rost deb o`ylab qolishim mumkin. Balki shuning uchun kimdandir xafa bo`lsam, o`z qobig`imga o`ralib, hech kim bilan gaplashmay qo`yaman. Biroq ko`ngilxiraliklarni tez unutaman.
3. Hayotda ikkita maslahatgo`yim bor. Biri — onajonim. Har bir ishni boshlashda ham, biror qarorga kelishda ham birinchi bo`lib u onamning fikriga quloq tutaman. Shu bilan birga dugonam va hamkasbim Zara Shirinova. Ularning fikri doim bir erdan chiqqan.
4. Qizlar do`st bo`lolmaydi degan fikringizga qarishiman. Faqat ba`zi holatlarda insonlarning o`zi bu nozik tuyg`uga putur etkazib qo`yishlari mumkin. Menga esa haqiqiy do`stlik baxtini tuyish berilgan. Sirdoshim, har qanday vaziyatda suyana oladigan dugonam — Zara borligidan xursandman.
5. Bugungi kunda dunyodagi turli vaziyat va voqealarni ko`rib bu hayotda eng muhimi tinchlik ekanini tushunib etdim. Er yuzida yaxshilik va tinchlik hukm sursa, qolgan hamma narsani inson o`zi yaratishi mumkin.
Faktlar
• Yigitali va Yulduz hozirgi O`zbekiston davlat San`at va madaniyat institutida kursdosh bo`lishgan.
• “Fm Sevgi”, “Sevgi balki bu jannat”, “Oyqiz ertagi” filmlarida sevishganlar rolini ijro etishgan.
Aliya SULAYMANOVA





