O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish ishlari davom ettirilmoqda, deb yozadi “Uzbekistan Today”.
Xususan, Toshkent va Samarqand shaharlarida Islom Karimov haykali o`rnatilishi ko`zda tutilgan.
Shu kunlarda Islom Karimovning Samarqandda o`rnatiladigan haykali haqida ma`lumotlar paydo bo`ldi.
2016 yil 2 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Buyuk davlat va siyosat arbobi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to`g`risida”gi qarorni imzoladi.

O`zbekiston Badiiy Akademiyasining tanlovni o`tkazish bo`yicha e`lon qilingan Nizomiga ko`ra, Islom Karimov haykali Toshkent va Samarqand shaharlarida o`rnatiladi.
Sxemadan ma`lum bo`lishicha, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali Samarqand shahri Registon maydoni yaqinidagi Toshkent ko`chasida qad ko`taradi.
Islom Karimov haykali Toshkentning aynan qaysi hududiga o`rnatilishi hozircha noma`lum.





