AsosiyJamiyat
5545

Zarafshon shahrida kollej bitiruvchisi xususiy stomatologiya markazi ochdi

Navoiy madaniyat va san`at kolleji bitiruvchisi Erkin Yandashov “Mikrokreditbank”ning viloyat filialidan 60 million so`m imtiyozli kredit olib, Zarafshon shahrida xususiy stomatologiya markazi tashkil etdi. 5 nafar tibbiyot mutaxassisi faoliyat yuritayotgan ushbu shifo maskani xizmatidan aholi mamnun, deb yozadi O`zA.

Chorvachilik faoliyati bilan shug`ullanayotgan nurotalik Safarbek Qodirov ham tijorat bankidan 6 million so`m imtiyozli kredit oldi. Nurota qishloq xo`jaligi kasb-hunar kollejini tamomlagan Safarbek katta maqsadlar bilan ish boshladi. 

Prezidentimiz rahnamoligida kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta`minlash, ta`lim muassasalari va korxonalar o`rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarning mustaqil hayot yo`lini tanlashida ko`maklashishga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Navoiy viloyatida ham bu borada keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Bitiruvchilarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularda ishbilarmonlik ko`nikmasini shakllantirish, yoshlarning istiqbolli loyihalarini qo`llab-quvvatlash maqsadida ta`lim muassasalarida tashkil etilgan maxsus o`quv kurslari faoliyati bunda samarali bo`lmoqda. 

O`tgan yili viloyatdagi o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari bitiruvchilarining qariyb 91 foizi doimiy ish bilan ta`minlandi. Bunda yil davomida o`tkazilgan 36 bo`sh ish o`rinlari yarmarkasi muhim omil bo`lmoqda. Ana shu yarmarkalarda 1800 ga yaqin bitiruvchining bandligi ta`minlangani fikrimizni tasdiqlaydi. 

Viloyatdagi kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyati va biznes loyihalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda tijorat banklari tomonidan 24 milliard 500 million so`m miqdorida imtiyozli kredit mablag`lari ajratish belgilangan.

Boshqa yangiliklar