Joriy yil so`ngiga qadar O`zbekistonda havo sharida osmonga ko`tarilish imkoniyati paydo bo`lishi mumkin. Hozircha Chimyon tizmasida «faol dam olish hududi"ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Keyinchalik esa butun mamlakat bo`ylab sayohat qilish imkoniyati paydo bo`ladi.
Yanvar oyi avvalida Adliya vazirligi Aeronavtika federasiyasi — nodavlat notijorat tashkilotini ro`yxatdan o`tkazdi. Mazkur federasiya havoda uchish va havoda uchish sportini rivojlantirishni asosiy maqsad qilib belgilagan, deb yozadi “Gazeta.uz”.
«Havo sharida parvoz qilish, ehtimol, ko`p million bolalardagi kabi mening ham orzuim edi, — dedi yangi federasiya raisi Tohir Soliev. — Mazkur orzuni amalga oshirishga erishdim va buni boshqalar bilan bo`lishishni istayman».
Loyiha uchun Rossiyaning «Rusbal» ilmiy ishlab chiqarish korxonasidan dastlabki uchta havoda parvoz qilish uskunasi jamlanmasiga buyurtma berildi.
«Biz tashkiliy masalalarni hal qilish, nafaqat daromad ko`rish, balki jahon sayyohlik markazlaridan biri sifatida mamlakatimiz imidjini faol targ`ib qilish uchun katta imkoniyat taqdim etuvchi ishga mablag` kiritishni istovchi homiylarni ham izlayapmiz», — deb qayd etdi Tohir Soliev.
Birinchi havo sharini kuz oylarida Chorvoq suv ombori qirg`oqlarida havoga uchirish rejalashtirilmoqda. Keyingi rejalar qatoridan Havoda uchish bo`yicha 2018 yoki 2019 yilgi Osiyo chempionatida ishtirok etish ham o`rin olgan.