AsosiyDunyo

Bu inson na o`qish va na yozishni bilmay 17 yil maktabda dars berdi

Tasavvur qiling do`konga kirdingiz, siz harid qilmoqchi bo`lgan narsangizning narxini, pochtangizga kelgan xatni, uy puli kvitansiyasini va hatto oddiy SMSni o`qib javob bera olmayapsiz. Savodimiz bo`lmaganida nima bo`lardi?

AdMe.ru nashri mutlaqo savodsiz bo`la turib maktabda ishlagan inson tarixi haqida yozdi.

Jon Korkoran esini tanibdiki, o`qishni uddalay olmadi. Uning ko`zida harflar doim joylarini o`zgartirib, unli va undosh harflar bir-biridan ajratilmasdi. O`quvchilik chog`ida u hammadan yashirinishga urunardi.

Ehtimol, uning hayoti boshqacha bo`lishi mumkin edi, ammo o`tgan asrning 50-yillarida hech kim disleksiya haqida eshitmagan. Ikkinchi sinfda uni aqli zaiflar qatoriga qo`shib qo`yishdi, uchinchi sinfdan esa doimiy ravishda jazolab borishdi. Shu zaylda uni doim bir sinfdan boshqa sinfga o`tkazishardi.

«8 yoshligimda men “Iltimos ertaga o`qishda mening galim kelganida, meni o`qiy oladigan qilgin” deya o`tinardim».

Savodsizligini yashirish uchun Korkoran intizomni buzishni boshladi, buning uchun esa uni doim sinfdan chiqarib, darslardan chetlatishardi. “Men boshqalarning ishini topshirardim, testlar o`g`irlardim va do`stlarimdan vazifalarni mening o`rnimga bajarishlarini so`rardim. Men nima yozilganiga tushunmas edim, ammo boshqa imkonim yo`qligini bilardim”. Shu zaylda u amallab maktabni tugatdi va 1956 yilda shahodatnoma oldi.

Keyinchalik Jon yaxshi basketbol o`ynashi ma`lum bo`ldi, va bu narsa unga kollejga kirish imkonini berdi, uni kollejda sport stipendiyasi va basketbol jamoasidan joy kutardi.

Kollejda o`qish uning uchun haqiqiy sinov bo`ldi. U doimiy ravishda o`qituvchilar haqida ma`lumot yig`ardi. U daftar bo`ylab huddi yozayotganday ruchkasini yurgizardi, keyin esa u varaqni yirtib tashlab yuborardi atrofdagilar uning savodi yo`qligini bilib qolmasliklari uchun.

Turli nayranglar bilan u kollejni tugatishni ham uddaladi hamda «ingliz tili o`qituvchisi» degan diplomni oldi. O`sha vaqtlarda maktablarda o`qituvchilar etarli bo`lmasdi — shunday qilib Jon Korkoran na o`qish, na yozishni biladigan o`qituvchi bo`ldi.

Har kuni u sinfda o`quvchilarga darslikdagi vazifalarni ovoz chiqarib o`qish va doskaga yozish vazifasini berardi. U testlar o`tkazib, ularni qog`ozdagi kesiqlarni yopishtirgan holda tekshirardi. Shu zaylda u 17 yil turli maktablarda dars berdi.

«O`qituvchi sifatida, o`qiy olmasligimdan juda o`ksinardim. Bu men uchun, maktab uchun sharmandalik edi».

1965 yilda Jon o`zining rafiqasi Keytilinni uchratdi. U unga sirini ishondi. Butun umr davomida ayol eri uchun hujjat yozardi. 

Bir necha vaqt o`tgach u birin-ketin uy sotib ola boshladi. Bu ishni keyin biznesga aylantirdi.

1986 yilning kuzida, 48 yoshda, Jon qarzlarining bir qismini qoplash uchun o`z uyini sotib yubordi. Keyin shahar kutubxonasiga borib, o`qish to`garagidagi ayolga o`qishni bilmasligini aytib yig`ladi.

Fonetik uslub bilan asta-sekin uni harfma-harf o`qishga o`rgatishdi va savodini chiqarishdi. Bir yildan keyin uning biznesi yana tiklandi, Jon esa sekinlik bilan o`qishni o`rgandi. U hamma narsani o`qishga harakat qildi, bu uning uchun haqiqiy mo``jiza edi.

Kunlarning birida u 25 yil avval qilishi kerak bo`lgan narsani qila olishini tushunib etdi. U chordoqdan rafiqasi unga yozgan maktublarini topib o`qishni boshladi.

San-Diegodagi konferensiyada yuzdan ortiq omadli biznesmenlar oldida chiqish qilib Jon Korkoran na o`qish va na yozishni bilmay turib, biznes yuritgani haqida gapirib berdi. U savodsizlikka qarshi kurashish bo`yicha kengash a`zosiga aylandi. “O`qishni bilmaydigan o`qituvchi” va “Savod tomon yo`l” kitoblari muallifiga aylandi hamda savodsizlarni o`qitish bilan shug`ullanadigan jamg`armaga asos soldi.

 

    Boshqa yangiliklar