Turli qarama-qarshiliklarga, ziddiyatlarga to`la bu olamda tom ma`nodagi inson bo`lib qolish, qiyin vaziyatlarga tushib qolgan odamlarga yordam berish eng asosiy vazifalardan biridir. Biz ezgulikning e`tiborsiz qolmasligiga, har bir yaxshilik bu dunyoni ozgina bo`lsa-da, ijobiy tomonga o`zgartirishiga ishonamiz.
Bir ko`zi ojiz bo`lgan yigit hech kim sotib olishni istamagan yagona ko`zli kuchukchani sotib oldi

Jordan Trentning bundan bir necha yillar muqaddam bir ko`zi ko`rmay qoldi. Shifokorlar uning ko`zini davolay olmadi. Kuchukcha sotib olish maqsadida bozor aylanib yurgan Jordan hech kimning e`tiborini tortmagan, bir ko`zli kuchukchani ko`rib qoldi. Kuchuk bolasining bir ko`zi yo`q edi. Jismoniy kamchiligiga qaramay, Jordanning oilasi kuchukchani iliq qarshi oldi. Kuchukchaning Jordanning xonadonida baxtli va shodon o`sayotganligini Instagram sahifalaridagi suratlardan ham sezish qiyin emas.
Santa-Klaus bilan suratga tushish uchun navbatda turgan bolakay uxlab qoldi

Olti oylik Zik Uoltersni ota-onasi Santa-Klaus bilan birgalikda suratga tushirish uchun savdo markaziga olib keldi. Ammo navbat uzundan-uzoq bo`lgani bois, bola charchab, uxlab qoldi. Shunda Santa uning ota-onasidan bolani uyg`omaslikni iltimos qilib, o`zi ham uxlab yotgan odam qiyofasiga kirib, bola bilan birga rasmga tushdi. Surat juda ham ajoyib chiqdi!
Uysiz-joysiz bolalarga o`yinchoqlar bilan birga do`konni sovg`a qilgan ayol

Nyu-Yorklik Kerol Sachmen ismli ayolning ajoyib odati bor. U har bayramda turli xil o`yinchoqlar sotib olib, ularni muhtoj oila bolalariga sovg`a qiladi. Bu safar ham o`yinchoq sotib olish uchun do`konga borganda, uning inqirozga yuz tutganini ko`rib, miyasiga bir fikr keldi. U kambag`al oila farzandlarini yanada quvontirish maqsadida do`konni o`yinchoqlari bilan birga sotib olib, sovg`a qildi.
Saratonga chalingan bemorlarga sochini sovg`a qilgan qizcha

Emili Jeyms endigina uch yoshga to`lgan, kichkina qizcha bo`lsa-da, uning ezguliklarga to`la, ulkan yuragi bor. U o`zining uzun kokillarini saratonga chalingan bolalarga sovg`a qildi. Bu g`oya uning onasiga tegishli bo`lib, u ham bolaligida sochini kimyoterapiya olgan, saraton kasalligiga chalingan bolalarga sovg`a qilgan edi. “Bolalarning sochi to`kilgandan o`ksishlarini istamayman. Shuning uchun ularga o`z kokillarimni sovg`a qildim”, deydi kichkintoy Emili.
Insultni boshdan kechirgan bemor yo`lovchini styuardessa ovqatlantirdi

Xitoyning yo`lovchi tashiydigan samolyoti bortiga chiqqan, insult tufayli tanasining bir tarafi falaj bo`lib qolgan yo`lovchi erkakka oldingi qatordan kengroq joy ajratildi. Bemor erkak rafiqasi bilan ekonom-klassda uchayotgan edi, uning ayoliga qo`shni o`rindiqdan joy berishning iloji bo`lmaganligi bois, ular alohida-alohida o`tirishga majbur bo`lishdi. Tushlik tarqatilganda, bemor erkakning qoshiqni bazo`r ko`tarib, ovqat eyishga harakat qilayotganini ko`rgan styuardessa unga o`z yordamini taklif qildi. Styuardessa cho`kkalab o`tirgancha, erkakni ovqatlantirishga kirishdi. Uning bu ishi yo`lovchilarning minnatdorchiligiga sabab bo`ldi, erkakning o`zi esa ko`z yoshlarini tiya olmadi.
Itlarni kechasi tunash uchun qahvaxonaga kiritadigan odam

Gresiyaning Mitilini shahrida joylashgan qahvaxonalardan birining xo`jayini buyuk qalb egasi ekanligini isbotladi. Kechqurun so`nggi mijoz qahvaxonani tark etgandan keyin u ko`chadagi daydi itlarni tunash uchun qahvaxonaga kirgizadi. Bechora itlar issiq, shinam qahvaxonada hech nimadan xavotir olmay, xotirjam ravishda uyquga ketishadi.
Bolani olov qa`ridan qutqargan qahramon yigit

Bir kuni 25 yoshli Oleg Tronov yashaydigan uyda yong`in chiqdi. Zinapoya quyuq tutunga to`ldi, Oleg qo`shni balkonda bola ko`tarib olgan ikki ayolni ko`rdi, ular olovdan qutulish yo`llarini qidirardi. Yigit o`ylanib o`tirmay, o`zining tomi orqali qo`shni balkonga o`tib, bir yoshli bolani yong`indan qutqardi. Birpasda etib kelgan o`t o`chiruvchilar esa uydagi qolgan odamlarni olib chiqdi. Qutqaruvchilar Oleg Tronovni ko`rsatgan jasorati uchun mukofotga loyiq ko`rishdi.
3 million gektar cho`lu biyobonni serhosil erga aylantirgan fermer

Savadogo ismli bu odamning o`tmishi uzoq 1974 yillarga borib taqaladi. U o`zining ona vatani bo`lmish Burkina-Fasoni qurg`oqchilikdan qutqarishga qaror qildi. Qurg`oqchilik tufayli aksariyat vatandoshlari uy-joyini tashlab, ko`chib ketishga majbur bo`ldi. Savadago esa qadimiy usul orqali tuproqqa organik o`g`it, suv va urug` orqali ishlov berishni yo`lga qo`ydi. Mamlakat bo`ylab motosiklida yurgancha, o`zining tajribasini boshqalarga o`rgatdi. Oradan 40 yil o`tib, 3 million gektar er Savadagoning sa`y-harakati bilan unumli, serhosil erga aylandi.
Mehmonxonada yumshoq o`yinchoq quyonchasini unutgan qizaloqqa xodimlar quyonchaning ta`tili haqidagi fotohisobotni yubordi

Irlandiyadagi mehmonxona xodimlaridan biri nomerda kimningdir yumshoq quyonchani unutib qoldirganini ko`rdi. Xodim quyonchaning ta`tilda qanday dam olayotgani haqidagi fotosuratlarni Facebook ijtimoiy tarmog`iga joylashtirdi. Oradan ko`p o`tmay, o`yinchoqning egasi topilib, sevimli o`yinchog`ini qaytarib oldi.
Hayvonotchilik fermasidagi tulkining hayotini saqlab qolgan yigit

Qarshingizdagi Martin ismli yigit hayvonotchilik fermasidagi tulkining hayotini saqlab qoldi. Agar u tulkini qutqarmaganda, tulki kimningdir paltosi yoqasidagi mo`ynaga aylanardi. Martin tulkini uyiga olib ketdi. O`shandan beri u hayvonlarni himoya qiladi va hayvonlarni himoya qilish tashkilotiga asos soldi.






