AQShning yangi prezidenti Donald Trampning birinchi rafiqasi, millati chex bo`lgan Ivana Zelnichkova o`zini Chexiya elchisi lavozimiga tayinlashni so`radi.
67 yoshli biznesmen, teleyulduz va yozuvchi bo`lgan Ivana Zelnichkova o`zining ona vatani Chexiyada AQShning muxtor elchisi bo`lishni niyat qildi. U bu haqda The New York Post nashriga intervyu berdi. “AQShning Chexiyadagi elchisi bo`lish niyatim bor. Chunki Chexiya mening ona vatanim, chex tili ona tilim, u erda meni hamma taniydi. Meni nafaqat Amerikada, balki boshqa davlatlarda ham yaxshi tanishadi. Uchta kitob yozganman, kitoblarim 40 ta mamlakatda, 25 ta tilga tarjima qilingan. Aslini olganda Tramp degan familiyaga ehtiyojim yo`q”, - dedi Ivana Zelnichkova. Ivananing fikricha, Donald shaxsiy samolyotida sayohat qilishdan to`xtamaydi, ammo baribir o`zining hashamatli uyidan Oq uyga ko`chib o`tishga majbur. “Rostini aytganda, Nyu-Yorkdagi “Trump Tower” va mening taun-xausim Oq uydan ko`ra, ming marotaba yaxshi. Ammo Donald haq, undan oldingi prezidentlar Oq uyda yashaganidan keyin u ham yashaydi. U Oq uyni oltin bilan bezatadi, degan fikrdan yiroqman”, - dedi Ivana.
Ivananing bashorat qilishicha, Donald lavozimining birinchi 100 kunida kecha-yu, kunduz ishlaydi. “U har doim tungi 3 da uyquga ketadi. Ishdan bo`sh vaqtlarida golf o`ynashni yoqtiradi, biror joyga safarga chiqish esa Donald uchun azobning o`zi. U fransuz sharobiga o`xshab, joyidan qo`zg`atishlarini yoqtirmaydi ”, deb hazillashdi Ivana.
Donald va Ivana 1977 yilda turmush qurishgan. Bu nikohdan ularning uch farzandi bor. Ular 1992 yilda ajrashishgan. Ivana ajrimdan keyin sobiq eridan aliment, ko`chmas mulk, qimmatbaho taqinchoqlardan tashqari 20 000 000 dollar olgan. Ivana kundoshi va uning o`g`li Berronni yoqtirishini, ammo Melaniyaning hozirga holatida, ko`chishlar tufayli unga havas qilmasligini bildirdi.
“Stuki-druki.com” nashri.