26-27 yanvar kunlari xonanda Aziza Niyozmetovaning “Yuragimdan joy beraman, kelsangiz” deb nomlangan 25 yillik yubiley konsert dasturi bo`lib o`tdi.
Xonandaning muxlislari tomonidan orziqib kutilgan konsert kutilganidan-da, a`lo darajada o`tdi desak mubolag`a bo`lmaydi, xonandaning o`zi ham konsertlar borasidagi 10 yillik tanaffusdan so`ng muxlislarning bunchalik e`tiborini kutmagan bo`lsa kerak. Konsert dasturiga turli viloyatlaridan tashrif buyurgan muxlislar sevimli xonandalarining quvonchiga sherik bo`lishdi. 27 yanvar kuni dastur Aziza Niyozmetovaning tavallud ayyomi bilan uyg`un holda o`tdi. Tashrif buyurganlar xonandani ham ijodiy kecha ham tavallud ayyom bilan muborakbod etishdi.
Dasturda jami 21 ta qo`shiq ijro etildi, ularning deyarli yarmini yangi qo`shiqlar tashkil etadi. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, xonanda bir qancha qo`shiqlarni jonli ijro etib, fonogrammaga bog`lanib qolmaganligini isbotlay oldi. “Kishmish”, “Naylayin” va “Bu ko`cha” qo`shiqlarini muxlislar ham jo`r bo`lib ijro etishdi.
Xonanda tomonidan kuylangan duetlar ayniqsa olqishlar bilan kutib olindi. Aytaylik , xonanda Sobirjon Mo`minov bilan kuylagan “Xorazmga kuyov bo`laman” duetining yaratilganiga 20 yilga yaqin vaqt bo`lgan bo`lsa-da, hamon muxlislarning eng sevimli taronasi bo`lib qolganini yana bir bor guvoh bo`lish mumkin. O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti G`ulomjon Yoqubov bilan kuylangan “Og`ajon” dueti ham tez oradan xit taronalar qatoridan joy egallashi shubhasiz.
Aziza Niyozmetovaning yosh xonanda bilan ijro etgan halfachilik yo`nalishidagi jonli ijrodagi dueti dasturga haqiqiy xorazmcha ruh bag`ishladi.
Dasturga marhum ustoz san`atkor Bekjon Jumaniyozov reperturidan joy egallagan “Lazgi” taronasi yakun yasadi. Muxlislar zalni jo`shqin kayfiyatda tark etishdi.
Dasturning o`zgacha fayzli o`tishida albatta ashula va raqs ansambllarining o`rni bor. “O`zbekiston”, “Navro`z” va “Sirdaryo navolari” ansamblari folklor va zamonaviy raqslarni maromiga etkazib ijro etishdi.
Darvoqe, ikki kun davomida saroy zali liq to`la bo`lganini alohida e`tirof etish lozim.
Kutilgandan-da a`lo o`tgan konsert dasturining zamirida rejissyor Oybek Aliev, prodyusser Mahliyo Ro`zieva va uning “Dilkash lahzalar” korxona xodimlarining alohida o`rni bor va shubhasiz ularning mehnatlari o`z samarasini berdi.