AsosiyJamiyat

​Xorazmda Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohlik markazining filiali tashkil etiladi

'​Xorazmda Rossiyaning A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohlik markazining filiali tashkil etiladi'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatida bo`ldi.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.

Mazkur shifoxona aholiga davolash va profilaktika xizmati ko`rsatib kelmoqda. Kardiologiya, kardioreabilitasiya, kardioxirurgiya, intervension kardiologiya va fizioterapiya bo`limlari, poliklinika faoliyat yuritmoqda.

Ushbu tibbiyot maskani negizida Rossiya Federasiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu chaqaloqlarda uchraydigan yurak nuqsonlarini aniqlash va davolash, yiliga 3 mingdan ziyod bemorga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatishga imkoniyat yaratadi. Mazkur shifoxona Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari aholisi uchun mintaqaviy markaz bo`ladi.

Sog`liqni saqlash tizimining birlamchi bo`g`inini rivojlantirish, o`quv yurtlarida qishloq vrachlik punktlariga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash, kasalliklarni erta aniqlashga erishish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish dolzarb masalalar hisoblanadi. Bunday markazlar bemorlarni davolash bilan birga ana shu ishlarga ham salmoqli hissa qo`shishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.

Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida 1100 ga yaqin talaba ta`lim olmoqda. 16 kafedrada 161 professor-o`qituvchi faoliyat yuritmoqda.

Ushbu filial negizida I.Pavlov nomidagi Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda klinika tashkil etilmoqda. Unda endokrinologiya, otoloringologiya, gematologiya, allergologiya, terapiya bo`limlari ochiladi. Universitet olim va shifokorlari bu erda dars beradi, diagnostika ishlarini olib boradi va davolaydi. Talabalar klinikada zamonaviy davolash usullarini chuqurroq o`rganadi.

Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali va Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida tashkil etiladigan bu ikki muassasa Orolbo`yi aholisi uchun tarixiy va ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta`kidladi. Bu markazlar mazkur hududda ko`p uchraydigan kasalliklarni samarali davolash, tibbiyot xodimlari va o`qituvchilarning bilim va malakasini oshirishda muhim o`rin tutadi.

    Boshqa yangiliklar