1 fevral, chorshanba kuni rejissyor Ozod Shamsning “Bebahoginam” filmining hamkorlar va OAV xodimlari uchun yopiq premerasi bo`lib o`tdi.
Taqdimot marosimida film ijodkorlari, bosh rollar ijrochilari va OAV vakillari ishtirok etdi.
“Bebahoginam” og`ir dardga chalingan ayolning murakkab qismati haqida hikoya qiladi.
Badavlat oilaning farzandi Jahona Tohir ismli yigit bilan tanishib qoladi. Ular bir-birlariga ko`ngil qo`yadi. Jahonaning ota-onasi esa qizlaridan so`rab ham o`tirmay, uni Murod ismli yigitga unashtirib qo`yishadi. Tohir Jahonaning otasi bilan uchrashib, vaziyatni tushuntiradi. Vanihoyat Tohir va Jahonaning sevgisi g`alaba qozonadi. Dunyoda ulardan baxtliroq odam yo`qdek edi,go`yo. Ko`p o`tmay ikki sevishgan shiringina qizaloqning ota-onasiga aylanishadi. Ular hamma xavas qilgudek baxtga sazovor edi... biroq, Jahonaning og`ir kasallikka chalinishi oila baxtiga putur etkazadi. Jahona xotirasini yo`qotayotgan edi. U hech kimni, hatto ota-onasi va farzandlarini ham eslolmaydigan bo`lib qoladi. Tohirning onasi, Jahonananing ota-onasi ikki sevishganni ajratmoqchi bo`lishadi. Lekin Tohir rafiqasi bilan imkon qadar ko`proq birga bo`lishni, uni asrab-avaylashni o`zining burchi deb biladi. Film so`ngida Jahona vafot etadi...
Filmda bosh rollarni O`zbekiston xalq artistlari Gulchehra Sa`dullaeva, Lutfulla Sa`dullaev, Saida Rametova hamda yosh aktyorlar Shavkat Komilov va Muqaddas Sa`dullaevalar ijro etgan.
“Kinokartina orqali ‘Film qahramoni eng og`ir vaziyatda ham rafiqasini tashlab ketmadi. Arzimagan narsa sabab oilani buzib, farzandlarni tirik etim qilishga arzirmikan’, demoqchiman. Yashirmayman, “Bebahoginam”ga alohida e`tibor bilan yondoshganman”,—deydi film rejissyori Ozod Shams.