Rossiyalik kolleksionerlar sovet elitalarining avtomobillarini yuqori qadrlashadi. Kuni kecha Mixail Gorbachyovning avtoparkidan bo`lgan ZIL sotuvga qo`yildi, mazkur avtomobil ikkita “Maybax”ning puliga sotilmoqda.
Qozog`istonning ixtisoslashgan saytlaridan birida hukumatning ZIL-41047 limuzini savdosi haqida e`lon paydo bo`ldi, deya xabar beradi Auto.Mail.ru. E`lon muallifining ta`kidlashicha, mazkur avtomobildan SSSR prezidenti emas, asosan uning rafiqasi Raisa Gorbacheva foydalangan.
Boy o`tmishga ega avtomobilning Almatidan bo`lgan hozirgi egalari uni 75 000 000 tengega baholashdi, bu esa 13,9 mln rubl degani.
“Mashina original holatda, restavrasiya qilinmagan. Mashina Raisa Maksimovna Gorbachevaniki. Barcha hujjatlar mavjud”, - deyiladi e`londa.
1988 yilda chiqarilgan Limuzin 3 000 kilometr yurgan, shu sababli avtomobil deyarli yangi holatda.
Mazkur avtomobilning original nusxasi 2002 yilda Qozog`iston prezidenti uchun chiqarilgan.