Rossiyalik taniqli kino va teatr aktyori, kinorejissyor, “Brigada”, “Jmurki”, “Ostrov” kabi o`nlab filmlarda bosh qahramon obrazini yaratgan Dmitriy Dyujev bugun Toshkent shahriga etib keldi. Bu haqda “O`zbekkino” milliy agentligi ma`lumotiga asoslanib, jurnalist Feruz Muhammad xabar berdi.
Dyujev 2016 yilning dekabr oyida yurtimizda o`tkazilgan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar festivalida ishtirok etib, sovrindor bo`lgan, O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti talabasi Muhlisa Azizovaning ishchi nomi “U” (Ona) nomli yangi qisqa metrajli badiiy filmida suratga tushadi. Shuningdek, bu filmda Ra`no Shodieva va Karim Mirhodievning ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
“HD CINEMA” kinokompaniyasi ushbu filmni suratga olish uchun “O`zbekfilm” kinostudiyasi pavilonida maxsus dekorasiya barpo qilgan. Taniqli va yosh kinoijodkorlardan iborat ijodiy guruh shakllantirilgan.
Asar bugungi kun kishilarining ma`naviy olami, hayotiy maqsadlari hamda muammolarini ilgari suradi. Voqea markazida sevimli ayolining vafotidek og`ir fojiani boshdan kechirgan inson tarixi gavdalanadi. O`tmish xotiralari, hayotidagi qalb jarohatlari uni so`nggi imkon sari boshlaydi.
Filmni suratga olish ishlari 4-5 fevral kunlari bo`lib o`tadi.