Mamlakatimizda mehmon bo`lib turgan Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi raisi Ya.Gamachek boshchiligidagi delegasiya a`zolari 8 fevral kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi, deb xabar beradi O`zA.
Mehmonlar dastlab Hazrati Xizr majmuasida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yo`lboshchimiz qabriga gul qo`yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Delegasiya a`zolari Mirzo Ulug`bek rasadxonasi, Xo`ja Doniyor ziyoratgohi, Amir Temur maqbarasida bo`ldi.
Registon majmuasi va bu erda namoyish etilgan milliy hunarmandlik mahsulotlari ko`rgazmasi mehmonlarda katta qiziqish uyg`otdi. Mehmonlar bunday noyob me`moriy obidalarni bunyod etgan buyuk ajdodlarimiz aqlu zakovati va uni bezavol asrab kelayotgan bugungi avlodning tariximizga munosabatiga yuksak baho berdi.
Mas`uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “PULSAR GROUP BREWERY” O`zbekiston – Chexiya qo`shma korxonasi faoliyati bilan tanishuv ham taassurotlarga boy bo`ldi.