2017 yil 8 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda milliy kinematografiya sohasida tarqatilayotgan axborotlar “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan monitoring qilinganda “TIMUR FILM” MChJ tomonidan suratga olingan “Daydi” nomli badiiy filmni jamoatchilik orasida targ`ibot qilishda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilganligi aniqlandi.
Jumladan, mazkur filmning treyleri, bannerlari va chiptalari chiqarilib, ularda mashhur kinoaktyor Morgan Frimanning Buyuk Britaniya va Janubiy Koreyalik kinoijodkorlar tomonidan 2014 yilda ishlab chiqarilgan "Last Knights" (“So`nggi risarlar”) filmida suratga tushgan qiyofasi aks ettirilgan. Ammo, aktyorning qiyofasi filmning agentlikka taqdim etilgan nusxasida bo`lmagan.
Biroq, “TIMUR FILM” MChJ tomoshabinlarning filmga nisbatan talabini kuchaytirishga erishish maqsadida mashhur kino yulduzini filmda suratga tushganligini bildiruvchi yolg`on (chalg`ituvchi) ma`lumotlar tarqatib, iste`molchilarning (tomoshabinlar) huquqlarini paymol qilgan.
Bu holat filmga nisbatan yuqori qiziqishni o`yg`otib, uni tomosha qilishga bo`lgan talabning sun`iy ravishda oshishiga sabab bo`lmoqda.
O`zbekiston Respublikasining “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonuni 6-moddasi talabiga ko`ra ishlab chiqaruvchi iste`molchiga o`zi realizasiya qilayotgan tovarlar haqida o`z vaqtida zarur, to`g`ri va tushunarli ma`lumot berishi shart. Qonunning 23-moddasida davlat iste`molchilarning tovar sotib olishi va undan foydalanish chog`idagi huquqlari hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishi belgilangan.
Shuningdek, “TIMUR FILM” MChJ studiyasi “Daydi” filmida bir qator xorijiy filmlardagi kadrlardan foydalanib, O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonuni 19-moddasi talabini ham buzgan. Vaholanki, Qonunning ushbu moddasiga ko`ra, yuridik va jismoniy shaxslar muayyan asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi belgilangan.
Shulardan kelib chiqib, ushbu holatlar bo`yicha Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasiga hamda Intellektual mulk agentligiga rasmiy taqdimnoma kiritildi.
Qayd etilgan masalalar mazkur davlat idoralari tomonidan ko`rib chiqilguniga qadar “Daydi” filmini kinoteatrlarda taqdimotini o`tkazish va keng namoyish qilishni to`xtatib turish ko`rsatmasi berildi.