Rossiyaning Krasnoyarsk o`lkasi prokurorlari oldida “Yo hayot, yo mamot!” degan masalani hal etish muammosi turibdi, deb xabar berdi “Ntv.ru” nashri.
O`lish taqiqlangan qishloq aholisi mazkur buyruqdan norozi bo`lib, shikoyat arizasi bilan prokuraturaga murojaat qildi. Qishloq kengashi ma`muriyati qabristonda mayitni ko`mish uchun joy qolmaganligi sababli o`lishni taqiqlagan. Agar biror odam vafot etadigan bo`lsa, uni dafn etish uchun ruxsatnoma olish zarur. Bu ruxsatnoma hammaga ham berilmaydi. Qishloq aholisi baxtli va uzoq umr ko`rish o`rniga o`lim uchun ruxsat so`rashgani g`alati eshitilsa-da, ularning o`z qishloqlarida o`lishga haqqi yo`q. Chunki bir yarim ming kishi yashaydigan qishloqning qabristoni to`lgan, u erga biror mayitni dafn etib bo`lmaydi. Fuqarolarning qishloq kengashidan yangi qabriston ochish uchun er so`rab qilgan murojaati ham javobsiz qolgan. 50 yildan beri shu qishloqda yashaydigan Elena Mixaylovnaning turmush o`rtog`i vafot etganda, uni dafn etish uchun bir hafta joy izlashdi. Ilojsizlikdan mayitni qo`shnining tomorqasidagi devor tagiga dafn etishdi. Qishloq kengashi rahbarlari qishloq hududidagi erlar xususiy mulk ekanligi uchun er ajrata olmayotganliklarini, qabriston uchun yaxshiroq joy qidirayotganlarini ma`lum qildi. Bu qidiruv uzoq davom etgani uchun qishloq fuqarolari ariza bilan prokuraturaga murojaat etishdi. Hozircha esa ular boriga shukur qilib, yaqinlarining jasadini tomorqaga dafn etishga majbur ekanliklari tushuntirildi.